Rag‘bat – marralarni yanada balandroq olishga undaydi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligi munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimiz mukofotlandi. Ular orasida Andijon viloyati Asaka tumanidagi "Obod turmush orzusi” fermer xo‘jaligi klasteri rahbari Karimov Husniddin ham bor.
H.Karimov xalqimiz farovonligini oshirishga qo‘shgan munosib hissasi, qishloq xo‘jalik, meva va sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni rivojlantirish maqsadida olib borgan ishlari uchun Prezidentimizning 2020 yil 28 avgustdagi farmoni bilan "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlangan edi.
– Albatta, davlatning, xalqning bunday ishonchini oqlashning o‘zi bo‘lmaydi, bu rag‘bat kelgusi marralarni yanada balandroq olishga undaydi, – deydi X. Karimov. – 2015 yilda tashkil etilgan xo‘jaligimizning asosiy faoliyati qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishga qaratilgan. Shu bois 2017 yil xo‘jaligimizni kengaytirish maqsadida Belgiya, Xitoy, Turkiya davlatlaridan 2 million dollarga meva - sabzavotlarni quritish va qayta ishlash dastgohini olib keldik. Natijada qisqa fursatda 50 ish o‘rni yaratildi. Belgiya, Makedoniya, Germaniya, Gruziya, Riga, Rossiya, Qozog‘iston xamda Qirg‘izistonga uch million yetti yuz ming dollar miqdorida mahsulot yetkazib berdik.
Shu tariqa eksportni yanada rivojlantirish maqsadida xo‘jalikka qo‘shimcha 4711 gektar yer maydoni biriktirilib, 2017 yildan klaster tizimiga o‘tildi. Korxonada fermer xo‘jaligining mavjud 200 gektar yer maydonida yetishtirilgan mahsulotlaridan tashqari, Baliqchi, Shahrixon va Andijon tumani dehqon va bog‘bonlari yetishtirgan hosil ham qayta ishlanmoqda.

– Fermer xo‘jaligimiz qoshidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash korxonamiz tumandagi 90 foiz fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma imzolagan, - deydi Husniddin Karimov. – Biz karam, bodring, bulg‘or qalampiri, pomidor mahsulotlarini qabul qilish ishlarini jadal olib bormoqdamiz. Ayni pandemiya davrida korxonamizda karantin qoidalariga to‘la amal qilgan holda yaratib berilgan imtiyozlardan foydalanmoqdamiz.
Ayni kunlarda "Obod turmush orzusi" fermer xo‘jaligi 350 gektarda to‘qsonbosdi usulida sarimsoqpiyoz, 250 gektarda ukrop, 200 gektarda petrushka, 150 gektarda piyoz parvarishlamoqda. Shuningdek, tumandagi 580 ortiq fermer xo‘jaligi bilan 4711 gektar maydonda shartnoma asosida mahsulotlar yetishtirilib, 16 000 tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlari qayta ishlandi, yetti million ikki yuz ming dollarlik mahsulot eksportga yo‘naltiriladi.
"Obod turmush orzusi" fermer xo‘jaligida yiliga bir million dollarlik mahsulot eksport qilish salohiyatiga ega meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi korxona ham ishga tushgan.