Radiatsiyaviy xavfga qarshi amaliy sinov o‘tkazildi
Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbarligida o‘tkazilayotgan “Xavfli ob’ektlarda profilaktika – dolzarb 30 kun oyligi” doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyati filialida maxsus-taktik o‘quv mashqi tashkil etildi.
Mashq “Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan bog‘liq avariyalarni bartaraf etishda Favqulodda vaziyatlarning davlat tizimi xizmatlari hamda mas’ul tashkilotlarning harakatlari” mavzusida o‘tkazildi.
O‘quv mashqi davomida shartli ravishda yuzaga kelgan radiatsiyaviy avariya ssenariysi asosida tezkor xizmatlarning harakatlari amaliy sinovdan o‘tkazildi. Xususan, xavfli hududga tezkor yetib borish, radiatsiyaviy razvedka ishlarini amalga oshirish, ifloslanish o‘chog‘ining kengayishini cheklash, aholini xavfsiz hududga evakuatsiya qilish hamda avariya oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi.
[gallery-30203]
Shuningdek, jalb etilgan xizmat va tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, kuch va vositalarning muvofiqlashtirilgan harakatlari ham amalda sinovdan o‘tkazildi.
– Favqulodda vaziyat sodir bo‘lganida eng muhim omil — vaqt va to‘g‘ri qaror qabul qilishdir. Ayniqsa, ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan bog‘liq holatlarda har bir harakat aniq reja asosida amalga oshirilishi lozim. Bugungi o‘quv mashqi xizmatlarning tezkorligi va o‘zaro hamjihatligini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Bu kabi mashg‘ulotlar aholi xavfsizligini ta’minlash va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi, kapitan Davron Sulaymonov.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA