Quyun yodgorligidan yangi topilmalar aniqlanmoqda
Toshkent viloyatining Piskent tumanida Quyun nomi bilan ataladigan qadimgi yodgorlik mavjud. Ushbu yodgorlikda 2017 yildan buyon qazishma ishlari olib boriladi. Pandemiya davrida qazishma ishlari biroz muddat to‘xtatilib, yana qayta tiklandi.
Arxeologlarning aytishicha, Quyun yodgorligi 3 qismga Sharqiy, Markaziy, G‘arbiy qismlarga bo‘linadi. Sharqiy qism allaqachon buzilib ketgan. G‘arbiy qism o‘rta asrlarga, bronza davriga oid qismi Markaziy qism hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazining “Ipak yo‘li arxeologiyasi” bo‘limi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Saida Ilyosova, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari Rahmonali Murodaliyev hamda Yelena Gordeyevalar ishtirokida markaziy qismda yangi qazishma ishlari amalga oshirildi.
Izlanishlar davomida Burganli madaniyatiga oid ko‘plab arxeologik artefaktlar qo‘lga kiritildi. Saida Ilyosova boshchiligida olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, yodgorlikdan qadimgi metallurglar tomonidan metall qoldiqlari va ma’danni maydalashda qo‘llanilgan tosh bolg‘a topilgan.

Bu topilmalar eramizdan oldingi 13-14 asrlarga tegishli bo‘lib, olimlar aynan o‘sha hududda qadimgi metalga birinchi ishlov berish ustaxonasi bo‘lishi mumkin, degan taxminda.
Izlanishlar yana davom ettiriladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA