Quyoshni uyg‘otar qishloq ayoli
Qishloq ayoli. U haqida gap ketganida ko‘z o‘ngimizda yuzlari oftobda qoraygan, qo‘llari mehnatdan qadoq bo‘lgan, so‘zlaganda tortinib, qimtinib turadigan, farzandlari yutuqlari haqida gapirganida maqtovlardan ko‘zlari porlaydigan ayol gavdalanadi.
U uy ishlaridan ortib dala yoki o‘z tomorqasida mehnat qiladi, ro‘zg‘or yukini turmush o‘rtog‘i bilan baravar tortishga intiladi – “charchadim”, degan so‘z unga begona. Qishloq ayoli hammadan kech yotib, erta turadi – quyoshni birinchilardan bo‘lib qarshi oladi. Uning nazdida oilaga baraka quyosh nurlari bilan kirib keladi. Aslida ham shunday. Alloh erta turganning rizqini mo‘l qilib yaratgan.
Dilrabo Juzbayeva ham ana shunday mehnatkash, kunni kun, tunni tun demaydiganlardan. Uni qishloqning matonatli ayollaridan biri deyish mumkin. U Navoiy viloyati Nurota tumanining Temirqovuq qishlog‘ida tug‘ilib, Qo‘ziboyquduq qishlog‘iga kelin bo‘lgan.
D.Juzbayeva yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan qadamba-qadam odimlayotgan, berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, farovon hayot kechirayotgan ayollardan biri.
Cho‘ponlik kasbi mashaqqatli ish. Bu kasbni ardoqlaganlar esa kam bo‘lmaydi. Mehnatdan orlanmaydigan, matonatli ayol bugun keng va bepoyon dalada qo‘y boqib, cho‘ponlik qilmoqda. Cho‘ponning otarida bugungi kunda ming bosh atrofida qo‘y-qo‘zisi bor.

– Cho‘ponlik bizga avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan ota kasb, – deydi qahramonimiz. – Cho‘ponlik tayog‘ini otamdan qabul qilib olganman. Mana qariyb 15 yildirki cho‘ponlik qilaman. Hayotim mazmuni shu. Bu kasb mashaqqatli, kecha-yu kunduz qo‘y orqasidan yurish kerak. Tuyoq sonining oshishi – mehnatga bog‘liq. Mehnat qilsangiz kam bo‘lmaysiz. Qancha ko‘p mehnat qilsangiz shuncha ko‘p daromad topasiz. Shamolli, yog‘in-sochinli kunlarning har birida chorva mollarini parvarishlashga alohida e’tibor qaratish kerak.
Avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan cho‘pon tayog‘ini qo‘lga olgan Dilrabo Juzbayeva haqiqiy baxtni ana shu makondan topganman, deydi. Ko‘ngil qay manzildan halovat topsa, shu makon uning sevimli go‘shasi bo‘lib qoladi. Qahramonimiz ham qalb halovatini keng dala, bepoyon kengliklardan topdi.
Hozirda turmush o‘rtog‘i Ilyos aka Juzbayev bilan uch nafar – bir qiz, ikki o‘g‘ilni voyaga yetkazmoqda.
– Baxtliman, – deydi D.Juzbayeva. – Turmush o‘rtog‘im suyangan tog‘im. Uch farzandim qanotlarim. Qizim Buxorodagi oliygohlardan birida grant asosida tahsil olmoqda. O‘g‘lim Qozog‘iston davlatidagi oliygohda o‘qimoqda. Kichik o‘g‘lim esa maktab o‘quvchisi. Farzandlarimiz kelajakda yurtiga, xalqiga foydasi tegadigan insonlar bo‘lib voyaga yetishlari uchun mehnat qilyapmiz.
Darhaqiqat, Dilrabo opa singari aksariyat qishloq ayollari hayot tashvishlariga o‘ralashib qolmasdan, yurt rivoji va xalq farovonligi yo‘lida mehnat qilmoqda. Ularning ko‘ngli qishloqning kengliklari kabi keng. Boriga qanoat qilib, yo‘g‘ini yashirib, borini oshirib yashayotgan ayollar ertangi kun davomchilarini tarbiyalamoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA