Quyoshliq istasang, kasbi kamol et
Buyuk mutafakkir shoirimiz hazrat Mir Alisher Navoiy o‘z davrida yoshlarga murojaat qilib, “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et”, deb yozganlar.
Chindan ham, odamlarga quyoshdek beminnat nur taratishni, yaxshilik qilishni istaydigan inson, kamolotga intilib, turli ilm va kasb-hunarlarni o‘zlashtirishi lozim.
Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnoma paytida davlatimiz rahbarining ushbu so‘zlarini eshitib, yana bir bor shu yurt farzandi ekanligimdan iftixor tuydim. Yoshlarga e’tibor, keksalarga ehtirom ko‘rsatiladigan bu yurtda har qancha xizmat qilsang, fidokorona ishlasang arziydi.
Oliy ta’limning qamrovi va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilishi, davlat grantlari sonining oshirilishi, ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga ko‘paytirib, a’lo baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalarning joriy etilishi – yoshlar uchun yanada katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Xususiy oliy o‘quv yurtlariga zarur mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasi berish tizimining yo‘lga qo‘yilishi ham bitiruvchi yoshlarni ishsiz qolmasliklarini kafolatlaydi. Bundan tashqari aniq fanlarni o‘zlashtirilishiga bo‘lgan e’tibor ham vatan rivojiga ulkan hissa qo‘shishi bilan birga, yoshlarni yangidan-yangi kashfiyot, ilm yo‘lida turli innovatsiyalar qilishga undaydi.
30 yoshgacha bo‘lgan davrda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishi uchun ko‘mak beradigan, yaxlit va uzluksiz tizimning yaratilishi – yurtimiz rivojiga yanada ko‘proq hissa qo‘shishimizga muhim turtki bo‘ladi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yoshlar uchun sarflangan sarmoya jamiyatga o‘n, yuz barobar ko‘p foyda keltiradi.
Birinchi marta 900 nafar chin yetim yoshni uy-joy bilan ta’minlashga byudjetdan 50 milliard so‘m ajratilishi ham ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni ham normal hayot kechirishiga, bu yoshlarni ham qiynalmay ish boshlashlariga katta ko‘mak bo‘ladi.
Murojaatnomada yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta’minlash, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun sharoit yaratish, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, muammolari bilan muntazam ravishda shug‘ullanish, ayniqsa, qiz bolalarni mustaqil hayotga tayyorlash, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish bilan bog‘liq vazifalar zimmamizga juda katta mas’uliyat yuklaydi va buni sharaf bilan bajarishga tayyormiz.
Ahrorbek Akbarov,
Milliy tiklanish demokratik partiyasi
Namangan viloyati kengashi raisining birinchi o‘rinbosari.