“Quyosh ta’mi” filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Kinematografiya agentligi va “Vostok prodakshn” kinostudiyasi tomonidan O‘zbekiston va Rossiya kinoijodkorlari hamkorligida yaratilgan birinchi loyiha — “Quyosh ta’mi” filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Badiiy kengash a’zolari, kinoshunoslar, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun namoyish Yulduz kinoteatrida o‘tkazildi.
Filmning katta premerasi O‘zbekiston yoshlari kuniga bag‘ishlanadi.
Film O‘zbekistonga safari chog‘ida g‘aroyib sarguzashtlar ishtirokchisiga aylangan moskvalik oddiy oila haqida hikoya qiladi. Ark xazinasi, Buxoroning so‘nggi amiri Olimxonning oltinlariga ega bo‘lish uchun film qahramonlari Temur, uning do‘sti Gulya va bobosi og‘ir sinovlardan o‘tadi.
Filmda o‘zbek va rus kinosi yulduzlari: Andrey Merzlikin, Aleksandr Ilin, Muhammadiso Abdulxairov va boshqalar suratga tushgan. Bosh qahramon, moskvalik bolakay rolini tomoshabinlarga bir qancha filmlardan tanilgan Leonid Basov ijro etgan. Aktrisa Kamilla Yoqubova uchun topqir va bilimdon o‘zbek qizi Guli roli uning debyuti bo‘ldi.
Suratga olish ishlari Moskva, Buxoro, Samarqand, Toshkent shahri va viloyatida olib borildi. Filmda Chimyon, Chorvoq, Qizilqum cho‘li, O‘zbekistonning tarixiy obidalari – Registon, Go‘ri-Amir, Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Buxorodagi Ark qo‘rg‘oni, Minorai Kalon masjidi kabi joylarning go‘zal manzaralari namoyish etilgan.
-Ushbu film hamkorlikda suratga olingan ilk ko-produksiya, Yangi O‘zbekiston kinosining ramziy qaldirg‘ochidir. 2019 yilning noyabr oyida Moskvada biz qo‘shma filmlar yaratish bo‘yicha bir qator memorandumlarni imzolagan edik, “Quyosh ta’mi” bo‘lajak kinoloyihalar ichidagi birinchi filmdir. Kartina rus tilida suratga olingan, hozirda o‘zbek tiliga dublyaj qilinmoqda. Yoshlar kuni bayrami doirasida biz katta premera tashkil etmoqdamiz. Bu ham ramziy ma’noga ega, chunki “Quyosh ta’mi” birinchi bolalar va o‘smirlar filmi bo‘lib, premerasi yozgi ta’til vaqtida bo‘lib o‘tadi, – deya ta’kidladi film prodyuseri, O‘zbekiston kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.
-Kinematografiya agentligi bilan hamkorlik juda yoqimli kechdi. Biz juda ham xursandmiz. Barcha loyihalar, barcha prodyuserlarga doimo shunday hamkorlar uchrashini tilayman. O‘zbekistonlik hamkasblar bizga so‘zda ham, amalda ham, moliyaviy tomondan ham katta yordam berishdi. Bu haqiqiy hamkorlik, teng ijodkorlik asosida yaratilgan qo‘shma loyiha. Menimcha, bu film muvaffaqiyatining garavidir, - dedi "Quyosh ta’mi" filmining prodyuseri Aleksandr Kessel.
O‘zA