Quvayt OHICHKga a’zo davlatlarning 28 chisi bo‘ldi
Ostonada Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev raisligida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashining (OHICHK) VI sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Sammit kun tartibida ko‘riladigan masalalardan birida Quvaytga OHICHKga a’zo davlat maqomini berish ko‘zda tutilgan, deb yozmoqda “Kazinform”.
«Quvayt OHICHKga a’zo bo‘lish istagini bildirib, tashkilotning tamoyillari va uning doirasida qabul qilinadigan yoki imzolanadigan qarorlariga amal qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Quvaytning ta’kidlashicha, OHICHK Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga muhim hissa qo‘shmoqda. Quvayt shuningdek, Kengash faoliyatini qo‘llab-quvvatlash istagi borligini ham ta’kidladi. Raislik Quvaytning OHICHKga a’zo bo‘lish bo‘yicha so‘rovini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi», – dedi Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev sammitda chiqish qilganida.