Quvalik yoshlar keksalarga ehtirom chellenjini boshladi
Farg‘ona viloyatida ham "Keksalar haftaligi" keng miqyosida nishonlanayotgan bo‘lib, yoshi ulug‘ insonlarga alohida ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Quva tumanidagi xorijiy tillar va aniq fanlarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab- internati tashabbusi bilan ”Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish-xalqimizga xos ezgu fazilat” mavzusida uchrashuv va ma’rifiy kechalar o‘tkazilmoqda.
“Keksalar haftaligi” kunlarida maktab o‘quvchi- yoshlari “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inida umrguzaronlik qilayotgan nuroniylarni yo‘qlamoqda. Keksalar boshidan o‘tgan og‘ir hayot yo‘li, bugungi farovon turmush tarzi haqida dildan suhbat qurishmoqda.
Ana shunday uchrashuv “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘ini Yorqin ko‘chasi 18-uyda umrguzaronlik qilayotgan O‘g‘ilcha ona Dehqonova xonadonida bo‘ldi. 82 yoshni qarshi olgan onaxon mahalla yoshlari, o‘qituvchi va murabbiylarning e’tiboridan ruhlandi. Yurt tinchligi, yoshi ulug‘ insonlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklarni alqab duo qildi.
Shu mahallada yashayotgan Tojixon Karimova bu yil 85 yoshga to‘ldi. Piru-badavlat onaxon olti o‘g‘il, ikki qizni tarbiyalab elga qo‘shdi. Bugun yuzlab nabira, chevara, evaralarning suyukli buvisi keksalik gashtini surib yuribdi.
–Biz keksalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar hech qayerda yo‘q,-deydi duoga qo‘l ochgan onaxon. – Keksalarni boshiga ko‘taradigan Yurtboshimiz bor. Ostona xatlab yo‘qlab keluvchilar ko‘p. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘laversin.
"Keksalar haftaligi" doirasidagi uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar barcha hududlarda davom etmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA