"Qutlug‘ qon" romani turk tilida chop etildi
Ustoz adib Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning "Qutlug‘ qon" romani Anqaradagi Yevroosiyo Yozuvchilar uyushmasi (Avrasya Yazarlar Birliği)ga qarashli “Bengü” nashriyotida chop etildi.
Professor Yaqup O‘mero‘g‘li boshchiligida ijodkorlar asar tarjimasi ustida faol mehnat qildi va "Qutlug‘ qon"ning turkcha tarjima kitobi 500 adadda nashrdan chiqdi.
Kitobga ustoz ijodkor, professor Naim Karimov va romanning tarjimoni, filologiya fanlari doktori Zamira O‘zturk so‘zboshi yozgan. Asar tez kunda sotuvga chiqish arafasida.
"Qutlug‘ qon" romanining tarjima qilinishi jarayonida Oybek domlaning nevarasi va Oybek uy-muzeyi direktori Oynur Toshmuhamedova yaqindan ko‘maklashdi.
Adabiyotshunoslarga ko‘ra, "Qutlug‘ qon" romani til va badiiy mahorat jihatidan diqqatga sazovordir. Asarda adib obraz yaratishda psixologik tahlil san’atidan, xalq tili boyliklaridan ustalik bilan foydalangan. Muallif har bir obraz xarakterini, personaj tilini tabiiy va jonli qilib tasvirlagan. Shunga ko‘ra romandagi har bir obrazning o‘z ichki va tashqi dunyosi bor, o‘z fe’l-atvoriga, individual tiliga ega ekani ahamiyatli.
Bu haqda “Ma'rifat” gazetasi rasmiy kanali xabar qilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA