Qushlarning patlari uning suyaklaridan og‘irroq
1 aprel – Xalqaro qushlar kuni!
Yer yuzida qushlarning 10 mingdan ortiq turi bor. Ular turli oilalarga mansub bo‘lib, ko‘rinishi, hajmi, harakatlari bilan ajralib turadi. Ularning g‘aroyib, noyob turlari kishini hayratga soladi. Masalan, yer yuzidagi eng kichik qush kolibri-asalari qushi hisoblanadi. Bu qushlarning uzunligi tumshug‘i va dumi qo‘shib hisoblanganda bor-yo‘g‘i 5 sm ni tashkil etadi. Kolibrining og‘irligi esa 1,6 grammni tashkil qiladi.
Qushlar ichida eng kattasi — Afrika tuyaqushi. Uning uzunligi 2,5 metr, og‘irligi 90—150 kilogrammga yetadi. U eng tez yuguradigan qushlardan biri — soatiga 50 kilometrgacha tezlikka erisha oladi. Yugurish vaqtida har bitta qadami 4—5 metrga yetadi. Har bitta oyog‘ida ikkitadan barmoq bor (boshqa qushlarda uch yoki to‘rtta bo‘ladi).

Qo‘ng‘ir kivi qushlar orasida eng “qanotsiz”i —kalta qanotlari junga o‘xshash qalin patlari ostida deyarli ko‘rinmaydi. Kivilar — ko‘rish qobiliyati yaxshi rivojlanmagan yagona qushlar — ko‘z kosasining diametri bor-yo‘g‘i 8 millimetrga teng. Ammo tungi hayot tarzi tufayli, sezish (paypaslash) va hid bilish organlari juda yaxshi rivojlangan.
Goatsin — bu qushlarning noyobligi shundaki, polaponlarining qanotlarida chantallari, ya’ni tirnoqlari bo‘lib, ular yordamida daraxt shoxlariga osilib, harakatlanadi. Qush katta bo‘lgan sayin tirnoqlari yo‘qolib boradi. Bu qushning go‘shtini yeb bo‘lmaydi, shuning uchun uni “sassiq” deb atashadi. Lekin chiroyli ko‘rinishi tufayli qush Gayana davlatining milliy belgisi hisoblanib, gerbiga tasviri qo‘yilgan.

O‘zbekistonda eng noyob qushlardan biri — Torg‘oqlar. Torg‘oq Xalqaro “Qizil kitob”ga yo‘qolib ketish yoki o‘ta yuqori xavf ostida bo‘lgan tur sifatida kiritilgan. So‘nggi yillarda Shimoliy Qozog‘istonda in qo‘yadigan ushbu qushlarning soni ikki baravarga, Yevropada esa 80 foizga kamaygan. Asosiy sabablar sifatida Qozog‘iston va Rossiyada cho‘llarning yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelgan qishloq xo‘jaligidagi o‘zgarishlar, shuningdek, yaylovlarning tanazzulga uchrashi hamda ovchilik sanab o‘tilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, qushlarning tana harorati odamnikiga nisbatan 7-8 darajaga yuqori. Shuningdek, laylaklar parvoz paytida yerga cho‘kmasdan uxlab qolishga qodir. Qushlar terlamaydi. Qushlarning patlari uning suyaklaridan og‘irroq.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA