Qushlar qanotli do‘stimiz, ularni asrang
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida tabiatni asrashga bag‘ishlab «Qushlar bizning qanotli do‘stimiz» mavzusida tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekiston Ekologiya partiyasi tuman kengashi, 22-umumta’lim maktabi jamoasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ekologlar, xavaskor qushbonlar o‘quvchilar bilan inson va tabiat munosabatlari, hudud ekologiyasi, davlatimiz tomonidan atrof muhitni asrashda amalga oshirilayotgan ishlar, hozirgi globallashuv jarayonida atrof muhit, jumladan qushlarni asrashda yuzaga kelayotgan muammolar haqida suhbatlar o‘tkazdi.
Tadbir davomida o‘quvchilar Bobur mahallasida Xojiyevlar xonadonida qushlarning uy sharoitida boqilishi bilan tanishdi. Havaskor qushbonlar bilan suhbat davomida o‘quvchilar qanotli mo‘’jizalar haqida qiziqarli ma’lumotlar oldi.
Tabiatni asrashga bag‘ishlangan tadbirlar ushbu maktabda doimiy o‘tkazib turiladi. Boisi, maktab Jizzax viloyati tabiatining noyob go‘shasi – Arnasoy ko‘llari yaqinida joylashgan. Ko‘l va ko‘l atrofidagi suv havzalarida o‘lkamizda doimiy yashovchi hamda mavsumiy qo‘nib o‘tuvchi qushlarning xalqaro va respublikamiz «Qizil kitob»lariga kiritilgan ko‘plab turlari uchraydi.
O‘zbekiston suv va suvoldi tabiatini asrash bo‘yicha 2001 yilda xalqaro Ramsar konvensiyaga qo‘shilgandan so‘ng va respublikamizdagi Dengizko‘l va Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi butunjahon ro‘yxatiga kirilgan. bugungi kunda ushbu ko‘llarda uchraydigan turlar muhofazasini kuchaytirish, ular sonini ko‘paytirish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda
Keyingi yillarda Ramsar konvensiyasining mazmun-mohiyati yanada kengaydi. Endilikda unga a’zo davlatlar suv va suvoldi qushlarini muhofaza qilish barobarida, butun ekotizimni saqlab qolishga qaratilgan vazifalarni bajarishga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
– Tabiatni asrashda aholi, ayniqsa yoshlarning ekologik bilimli bo‘lishi juda muhim, – deydi O‘zbekiston ekologiya partiyasi Arnasoy tuman kengashi raisi Ulug‘bek Qo‘chqorov.
– Partiyamiz dasturida belgilangan vazifalar asosida yoshlarning ona tabiatga mehrini kuchaytirishda ta’lim muassasalari, ekologiya tashkilotlari bilan doimiy hamkorlik qilib kelayotirmiz. Bunda bevosita Arnasoy ko‘llariga yaqin hududlardagi maktablarda tabiatni muhofaza qilish targ‘ibotiga alohida e’tibor qaratayotirmiz. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarda ta’lim muassasalaridagi tabiiy yo‘nalish bo‘yicha to‘garaklar faoliyatini kuchaytirishning, o‘quvchilarni o‘zlari yashayotgan joy nabotot va xayvonat dunyosi bilan yaqindan tanishtirishning ahamiyati katta. Shu maqsadda xalqaro «Qushlar kuni» munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu «Qushlar bizning qanotli do‘stimiz» bayrami ham qiziqarli va foydali bo‘ldi.
Viloyatning Arnasoy, Forish tumanlarining ko‘l yaqinidagi maktablarda yosh ornitologlar to‘garaklari faoliyat ko‘rsatayotir. Bu to‘garaklar bilan «Nurota» davlat qo‘riqxonasi, Aydar-Arnasoy ko‘lidagi davlat bionazorat postlari, O‘zbekiston qushlarni qo‘riqlash jamiyati o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
O‘quvchilar ekologiya mutaxassislari bilan birgalikda turli kuzatishlarda, qushlar sanog‘ida ishtirok etishmoqda. Bolalarning bu ishda tabiatni muhofaza qilish tashkilotlariga ko‘rsatilgan ko‘magi uncha katta emasdir balki. Ammo bunday tadbirlar o‘quvchilarning yurtimiz tabiatini o‘rganishlarida, uni yanada sevishlarida katta ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz.
T. Beknazarov, O‘zA