Qurol savdosida qaysi davlat yetakchi?
Kuni kecha Tinchlik muammolarini tadqiq qilish bo‘yicha Stokgolm xalqaro instituti davomida jahon qurol bozoridagi 2017-2021 yillar holati bo‘yicha yangi ma’ruzani e’lon qildi.
Hujjatda qurol sotish bo‘yicha dunyo bozori biroz susaygani, asosiy eksportchilar hamon AQSH bilan Rossiya bo‘lib qolayotgani aks etgan. Shuningdek, Rossiyaning qurol sotish ko‘rsatkichi avvalgi besh yillik davr bilan solishtirganda 26 foiz pasaygani ham aytilmoqda.
Hisobotda keltirilishicha, jahon qurol bozorida 2017-2021 yillarda 2012-2016 yillar bilan solishtirilganda 4,6 foiz pasayish kuzatilgan. Shu bilan birga, ekspertlar Yevropa, Sharqiy Osiyo va Okeaniyada harbiy import ko‘lami ortganini ta’kidlayapti.
O‘tgan besh yillikda AQSH bilan Fransiya qurol sotish hajmini sezilarli darajada oshirgan. Yevropada qurol-yarog‘ importi 19 foiz, Sharqiy Osiyo mintaqasida 20 foiz, Okeaniyada esa 59 foiz ortgani qayd etilgan.

- Global bozorda qurol-yarog‘ savdosi nisbatan kamaygan esa-da, mintaqalar bo‘yicha bu borada katta tafovut yuzaga kelgan, - deydi institut katta ilmiy xodimi Piter Vezeman. - Ijobiy tendensiya ham bor. Masalan, 50 yil davomida Janubiy Amerikada qurol-yarog‘ importi eng quyi darajani qayd etdi, biroq Yevropa, Sharqiy Osiyo, Okeaniya va Yaqin Sharq mintaqalari harbiy import ko‘rsatkichi keskin ortgani xavotir uyg‘otadi.
AQSH hamon yetakchi

Amerika eksporti 2017-2021 yillarda avvalgi besh yillikka qaraganda 14 foiz oshgani mamlakatning qurol sotish bo‘yicha yetakchilik pozitsiyasini yanada mustahkamladi. AQSH jahon bo‘yicha qurol-yarog‘ savdosida o‘ziga tegishli ulushni 32 foizdan 39 foizga ko‘tarishga muvaffaq bo‘lgan. 2017-2021 yillarda Amerika global qurol savdosida ikkinchi o‘rinda borayotgan Rossiyadan ikki barobar ko‘p qurol sotgani ma’lum bo‘ldi. Amerika eksportining 43 foizi Yaqin Sharq mintaqasiga to‘g‘ri kelib, bu mintaqada eng ko‘p qurol Saudiya Arabistoniga sotilgan.
RFning xalqaro qurol-yarog‘ bozoridagi ulushi 2017-2021 yillarda 19 foizni tashkil etgan va 2012-2016 yillardagi ayni ko‘rsatkich 26 foiz qisqargan. Rossiya eksportining pasayishi Hindiston va Vetnamga mahsulot yetkazib berish hajmi qisqargani bilan izohlanmoqda. Eksport Xitoyga 60 foiz, Misrga 73 foiz oshgani ham Rossiya harbiy eksporti pastga shg‘ng‘ishini to‘xtata olmagan.

Yaqin yillarda Rossiya Hindistonning bir nechta yirik buyurtmasini bajaradi: Sakkizta zenit majmuasi, to‘rtta fregat va bitta atom suv osti kemasi. Agar ushbu kelishuvlar amalga oshsa, shubhasiz, Rossiya harbiy eksport bo‘yicha mavqeini yana mustahkamlab olishi mumkin.
2017-2021 yillarda Rossiya dunyoning 45 mamlakatiga qurol sotgan. Eksportning asosiy qismi Hindiston, Xitoy, Misr va Jazoirga to‘g‘ri kelgan. Rossiya eksportining 61 foizi Osiyo va Okeaniyaga, 20 foizi Yaqin Sharq mamlakatlariga, 14 foizi Afrika davlatlariga tegishli. Shuningdek, hisobotda ta’kidlanishicha, Rossiya harbiy eksporti, asosan (48 foiz), jangovar samolyotlarga to‘g‘ri kelgan.

Qurol eksporti hajmi bo‘yicha uchinchi pog‘onada Fransiya turibdi. Bu mamlakatning 2017-2021 yillardagi eksport hajmi dunyo qurol bozorining 11 foizini tashkil etib, avvalgi besh yillikdagidan 59 foiz ko‘paygani ta’kidlanmoqda.
Reytingda to‘rtinchi o‘rinni XXR, beshinchi o‘rinni Germaniya egalladi. Xitoyning harbiy eksporti 2017-2021 yillarda avvalgi besh yillik davr bilan taqqoslaganda 31 foiz qisqargan. Nemislar eksporti esa 19 foiz kamaygan.

Hisobotda qurol importiga ham alohida e’tibor qaratilgan
So‘nggi besh yilda harbiy import bo‘yicha eng katta o‘sish Yevropa mamlakatlarida kuzatilib, jahon ko‘rsatkichining 13 foizi ko‘hna qit’a mamlakatlari ulushiga to‘g‘ri kelgan. Tadqiqot natijalari Buyuk Britaniya, Norvegiya va Niderlandiya Yevropaning eng yirik harbiy importyorlari ekanini ko‘rsatmoqda.
Osiyo va Okeaniya mintaqasi hamon qurol-yarog‘ning yirik xaridorlari bo‘lib qolmoqda. 2017-2021 yillarda jahon qurol importining 43 foizi ushbu mintaqaga to‘g‘ri kelgan. Avstraliya, Hindiston, Xitoy, Pokiston, Janubiy Koreya va Yaponiya jahonning yirik qurol xarid qiluvchi davlatlari kuchli o‘nligiga kiritildi.
Ta’kidlash joiz, Xitoy bilan Osiyo va Okeaniyadagi ko‘plab mamlakatlar o‘rtasida keskinlik saqlanib qolishi mintaqadagi harbiy importning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida e’tirof etilmoqda. Qolaversa, ushbu keskinlik AQSHning mintaqaga eksport hajmini oshirishida ham asosiy omilga aylanmoqda. Zero, mintaqaga qurol eksporti Xitoyga nisbatan AQSH olib borayotgan tashqi siyosatning muhim elementi hisoblanadi, deyiladi maqolada.
Dunyo bo‘yicha eng yirik qurol xarid qiluvchi Saudiya Arabistoni bu besh yillikda ham harbiy import ko‘rsatkichini 27 foiz oshirgani ma’lum bo‘ldi. Yuqori o‘sish darajasini qayd etgan yana bir mamlakat - Qatar yetakchi importyorlar reytingida 22-o‘rindan oltinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Birlashgan Arab Amirliklarining import ko‘rsatkichi 2017-2021 yillarda 2012-2016 yillar bilan taqqoslaganda 41 foiz kamaydi. Natijada amirliklar import ko‘rsatkichi bo‘yicha uchinchi o‘rindan to‘qqizinchi o‘ringa tushib ketdi.
Mutaxassislar so‘nggi besh yillikda Shimoliy va Janubiy Amerika (-36 foiz), Afrika (-34 foiz) hamda Osiyo va Okeaniyada (-4,7 foiz) ham qurol importi kamayganini ta’kidlashmoqda. Masalan, Janubiy Amerika mamlakatlari qurol importi bo‘yicha so‘nggi 50 yilda eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.
2017-2021 yillarda Afrikada qurol importi bo‘yicha kuchli beshlikka Angola, Nigeriya, Efiopiya, Mali va Botsvana kirgan.
To‘g‘ri, qurol sotib olish urushga tayyorlanishni bevosita anglatmaydi, albatta. Zero, har bir mamlakat o‘z mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga haqli. Shunday bo‘lsa-da, qurollanish vayronagarchilikka, o‘limga, ocharchilik va qochqinlar ko‘payishiga, iqtisodiy bo‘hronga sabab bo‘lishi mumkinligini ham hech kim inkor eta olmaydi. Demak, qurol-yarog‘ savdosi yildan-yilga ortayotgani dunyo ahli xavotiriga sabab bo‘layotgani bor gap.
Internet materiallari asosida
Saidmurod Rahimov tayyorladi.