Qurilma bartaraf etildi
Buxoro shahrining T.Farog‘iy ko‘chasida o‘zboshimchalik bilan egallanib, yengil konstruksiyali qurilma o‘rnatilganlik holati soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘rganilgan. O‘zboshimchalik bilan egallangan yerni qaytarishga doir fuqarolik ishlari bo‘yicha Romitan tumanlararo sudiga ariza kiritilgan.
Mazkur sudning 2024 yil 13 oktyabrdagi ijro varaqasiga asosan Buxoro shahar T.Farog‘iy ko‘chasi hududida 40.0 kv. metr yer maydonida o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan yengil konstruksiyali qurilma javobgar hisobidan bartaraf etish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Buxoro shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdorga ijro hujjati mazmun-mohiyati va uning huquqiy oqibatlari tushuntirilib, qurilmani ixtiyoriy ravishda bartaraf etish borasida ogohlantirish berilgan.
Biroq, ijro hujjati talablarini bajarish qarzdor tomonidan joriy yilning 15 yanvar kuniga qadar paysalga solib kelgan va natijada oxirgi chora sifatida mas’ul idoralar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan majburiy ijro harakatlari davomida qurilma maxsus texnika vositasi yordamida bartaraf etilgan hamda ijro tamomlangan.
Z.Komilov, O‘zA muxbiri