Qurilish-taʼmirlash ishlari davom etmoqda
Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimi tomonidan koʻp qavatli uylarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimi tomonidan koʻp qavatli uylarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Koronavirus pandemiyasi tufayli maʼlum muddat iqtisodiyotimizning turli sohalarida ish yuritayotgan xoʻjalik subyektlari faoliyatida bir oz susayish sezilib qolgan edi. Davlatimiz rahbarining videomurojaatidan soʻng amalga oshirilayotgan ishlar yana-da jonlandi, koʻlami kengaymoqda.
Xususan, bugungi karantin sharoitida Qoʻrgʻontepa tumani uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimi tomonidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari bilan hamkorlikda tumandagi rejaga kiritilgan koʻp qavatli uylarda taʼmirlash, rekonstruksiya ishlari qizgʻin olib borilmoqda.

– Ayni kunda mutaxassislarimiz Yuksalish mahallasi oʻramida joylashgan 1- koʻp qavatli uyda taʼmirlash ishlarini olib bormoqda, – deydi Qoʻrgʻontepa tuman uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimi rahbari Shoxruh Qurbonov. – Ish jarayonida karantin hamda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha belgilangan barcha tartiblarga qatʼiy amal qilinmoqda.
Obod va koʻrkam qiyofa kasb etayotgan koʻp qavatli uylarning zina, old fasad qismlari taʼmirlanib, koʻrkam qiyofaga keltirilmoqda. Bundan tashqari, uyning oldi qismi obodonlashtirilib, tandirxona, bolalar oʻyingohi, hojatxona barpo etilmoqda. Shuningdek, uylarning elektr energiyasi, ichimlik suvi va tabiiy gaz taʼminotini yana-da yaxshilash boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda.
Qurilish-taʼmirlash ishlarini olib borayotgan quruvchilar himoya niqoblari, antiseptik vositalar bilan taʼminlanmoqda. Tuman sanitariya-epidemologiya osoyishtalik boʻlimi xodimlari tomonidan qurilish olib borilayotgan hudud hamda foydalanilayotgan jihoz va asbob-uskunalar doimiy dezinfeksiya qilib borilmoqda.