Qulay sharoit ish samaradorligini oshiradi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘limi yangi binoga ega bo‘ldi.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘limi yangi binoga ega bo‘ldi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati ixtiyoridagi ushbu bino Prezidentimizning 2017 yil 10 apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida kapital ta’mirdan chiqarilib, viloyat IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘limiga berildi.
Yangi binoning ochilish maosimida Respublika Ichki ishlar vazirligi transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbarlari, Jizzax temir yo‘l vokzali vakillari hamda soha faxriylari ishtirok etdi.
Bu yerda xodimlarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoit mavjud. Chunonchi, tergov guruhi, profilaktika inspektorlari, jinoyat qidiruv bo‘limi, jamoat tartibini saqlash bo‘yicha inspektorlar, tezkor vakillar uchun xonalar ajratilgan. Ma’naviyat va ma’rifat xonasi, devonxona, navbatchilik qismi, oshxona, yotoqxona, yuvinish xonasi mavjud. Xizmat itlari uchun voler qurilgan. Hududda xodimlarning yengil atletika bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratildi, saf-mashq maydoni bor.
– Navbatchilik qismida situatsion markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi Jizzax viloyati IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Sherzod Xolmurodov. – Ayni vaqtda 9 ta videokuzatuv qurilmasi orqali Jizzax temir yo‘l vokzali nazorat qilinmoqda. Tez orada videokuzatuv kameralari soni 32 taga yetkaziladi. Viloyatdagi barcha bekatlar bilan uzviy bog‘lanish, respublika Ichki ishlar vazirligi transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan konferensaloqada bo‘lish sharoiti yaratilgan. Bular temir yo‘llar, vokzallar, bekatlar, tizimga tegishli inshootlar hamda yondosh aholi punktlarida jinoyat va qoidabuzarliklarning oldini olish, jinoyatlarni “issiq izi”da ochishga qaratilgan faoliyatimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Inshootda qurilish va ta’mirlash ishlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining kapital qurilish boshqarmasi tomonidan amalga oshirildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi esa barcha zaruriy uskuna va jihozlar, kompyuter hamda aloqa vositalari bilan ta’minladi.