Qulay sarmoyaviy muhit samarasi
Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi “SOFIYA-SOF TEKSTIL” O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi “SOFIYA-SOF TEKSTIL” O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, Janubiy Koreyaning “CHUNGANG CO” firmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan korxonada paxta tolasi va jundan yigirilgan ip va sintetik toladan erkaklar, ayollar va bolalar uchun mavsumbop paypoqlar ishlab chiqarilmoqda.
Ishlab chiqarish sexi, ma’muriyat va boshqa xo‘jalik maqsadlari uchun mo‘ljallangan binolar ta’mirlanib, xorijdan keltirilgan zamonaviy to‘quv dastgohlari bilan jihozlandi. 2015-yilda korxonada 500 million so‘mlik sifatli paypoq tayyorlanib, ichki bozorga yetkazib berildi. Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– Loyihaning birinchi bosqichida 20 dastgohda oyiga 150 ming juft mahsulot ishlab chiqarilmoqda, – deydi qo‘shma korxona rahbari Murodjon Qodirov. – 2016-yilda yana 100 yuqori texnologiyali to‘quv uskunasi keltirib o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu kuniga 3 ming 500 yoki yiliga 1 million 300 ming juft paypoq ishlab chiqarish imkonini beradi.
Ayni paytda korxonada yigirma kishi muqim ish o‘rni bilan ta’minlangan. Kelgusi yili qo‘shimcha ravishda yana yuz ish o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda.