Qulay imkoniyat va imtiyozlar samarasi
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi parrandachilik fabrikalari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 1 million donadan ziyod tuxum va 9 ming tonnadan ortiq tovuq go‘shti sotildi.
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi parrandachilik fabrikalari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 1 million donadan ziyod tuxum va 9 ming tonnadan ortiq tovuq go‘shti sotildi.“Ohangaron chisken industry” mas’uliyati cheklangan jamiyatida zamonaviy texnologiya va uskunalar o‘rnatilgach, ish sifati va samaradorligi yanada oshdi.
– Tovuqlarni beshikast parvarishlash maqsadida hududdagi veterinariya muassasasi bilan hamkorlik o‘rnatganmiz, – deydi “Ohangaron chisken industry” rahbari Farhod Mahmudov. – Ana shu hamkorlik samarasida parrandalarni to‘g‘ri oziqlantirishni yo‘lga qo‘yganimiz o‘z samarasini berayotir. Parvarishlanayotgan 80 mingga yaqin tovuqdan kuniga 50 ming dona tuxum olinmoqda. Jamiyatimizda 15 kishi mehnat qilayotir. Kelgusida ishlab chiqarish hajmini oshirish rejalashtirilgan. Bu ish amalga oshsa, yana o‘nga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Bunday yutuqlarga erishishimiz zamirida Prezidentimizning biz, tadbirkor va fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani, emin-erkin faoliyat yuritishimiz uchun yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar mujassam.
Darhaqiqat, mamlakatimizda fermer xo‘jaliklarining faoliyat qamrovi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hamda qayta ishlashdagi ishtirokini kengaytirish, xususan, parrandachilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar yuksak samaralar bermoqda.
Prezidentimizning 2012-yil 22-oktabrdagi “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Toshkent viloyatida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Parrandachilik xo‘jaliklari qulay va zamonaviy tovuq kataklari bilan to‘liq ta’minlandi. Ularda havo haroratini maqbul me’yorda saqlash, suv va ozuqa bilan avtomatik ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan.
Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda ikki yuzga yaqin parrandachilik fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Ularning har birida uch yuzdan uch mingtagacha parranda parvarishlanayotir. Joriy yilning o‘tgan davrida mazkur xo‘jaliklar tomonidan ichki bozorga 15 million donaga yaqin tuxum, ikki yuz ellik ming tonnadan ziyod go‘sht yetkazib berilgan.
Moliya muassasalarining ko‘magi va fermer xo‘jaliklarining o‘z mablag‘lari evaziga tashkil etilgan yangi xo‘jaliklarda besh yuzga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Bu aholi bandligini ta’minlash, dasturxoniga fayz-baraka kiritish barobarida, iqtisodiyotimizning yanada yuksalishiga xizmat qilayotir.
Mutaxassislarning aytishicha, bu sohada tez mahsulot yetishtirish va foyda olish mumkin. Ko‘p xarajat talab qilinmaydi. Xona harorati mo‘tadil, ozuqa yetarli bo‘lsa, kifoya. Masalan, go‘sht yetishtirish uchun parvarishlanayotgan tovuq 40 kun ichida bemalol 2 kilo tosh bosadi. Bitta tovuqdan yiliga 305-315 donagacha tuxum olinadi.
Buni yaxshi tushungan mutasaddilar parrandachilik xo‘jaliklarining moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilashga kirishdi. Tovuq fabrikalarida iqtisod qilingan mablag‘ ishlab chiqarishni kengaytirishga yo‘naltirildi. Ozuqa tarkibi va kasalliklar tekshiriladigan zamonaviy laboratoriyalar tashkil etildi. Veterinariya xizmati yaxshi yo‘lga qo‘yilgani tufayli xavfli kasalliklarning oldi olinayotir. Bu borada ham zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ilgari jo‘jalar 150 kunda tuxumga kirgan bo‘lsa, endi bu muddat 50-53 kungacha qisqardi. Parhez go‘sht yetishtirish jarayoni 40-45 kunni tashkil etayotir. Mahsuldorlikni oshirish maqsadida ellikdan ortiq inkubator faoliyati yo‘lga qo‘yilib, undan olingan jo‘jalar shartnoma asosida yangi tashkil etilgan xo‘jaliklar va aholiga yetkazib berilmoqda. Buni Yuqori Chirchiq tumanidagi “Parranda sanoat baraka” fermer xo‘jaligi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Fermer Baxtiyor Qosimov chetdan keltirilgan zotdor tovuqlarni kasallantirmay, beshikast parvarish qilish uchun hududdagi veterinariya muassasasi bilan shartnoma tuzdi. Bu yerda parvarishlanayotgan 170 mingdan ortiq tovuqdan kuniga 50-60 ming dona tuxum olinmoqda.
“Parranda sanoat baraka”da nafaqat tuxum, balki parhez go‘sht mahsulotlari yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida mazkur xo‘jalik iste’mol bozoriga 100 tonnaga yaqin parranda go‘shti yetkazib berdi. Ayni paytda xo‘jalik tarkibida yana 100 ming tovuqqa mo‘ljallangan tovuqxona qurilmoqda. 147 gektar maydonda bog‘ barpo etilayotir.
Ishchi-xizmatchilarning mehnati munosib rag‘batlantirilayotgani erishilayotgan muvaffaqiyatlarda muhim omil bo‘lmoqda. Xo‘jalikda mehnat qilayotgan 30 dan ziyod ishchining aksariyati yoshlar. Kelgusida ishlab chiqarish ko‘lamini yana kengaytirish hisobiga yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan.