Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda
Ko‘p millatli O‘zbekiston zaminida, shu jumladan, Namangan viloyatining olis va chekka mahallalarida etnik aholi bilan bir qatorda shu muqaddas diyorni o‘z Vatani sifatida e’zozlayotgan qirg‘iz, tojik, tatar, rus, koreys kabi millatlar vakillari muqaddas Ramazon Hayitini “Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurt”, “Vatan yagonadir, Vatan bittadir!”, “Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda!”, “Qo‘shnichilik – ming yilchilik!”, “Hayit bayrami – ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat bayrami” shiorlari ostida katta tantanalar bilan bahoriy xushkayfiyatda nishonlanmoqda.
Bayram festivalida Namangan viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etib barchani bayramlar bilan samimiy qutladi.
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi purviqor tog‘ adirliklarga yastangan Nov mahallasi qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lib, unda asosan qirg‘iz millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Mahalla ahli tog‘larga tutash kengliklarda millatlararo totuvlikning yorqin ifodasi sifatida chinakamiga sayl qilishdi.
[gallery-22590]
Bayram tadbirlarida do‘stlik va birdamlik, bag‘rikenglikni ulug‘lovchi she’riy chiqishlar va turli madaniy ko‘ngilochar tomoshalar uyushtirildi. Viloyat musiqali drama teatri, tuman madaniyat bo‘limi tomonidan konsert dasturi, amaliy san’at va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Milliy o‘yinlar – “Oq terakmi – ko‘k terak”, “Kuch sinash”, “Arqon tortish”, “Chillak”, “Varraklar sayli” va turli sport musobaqalari barchaga zavq ulashdi. Yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik, tinchlikni mustahkamlashga qaratilgan rasmlar tanlovida faollik ko‘zga tashlandi. “Mehr-oqibat dasturxoni” shiori ostidagi tadbirda turli millatlarning milliy taomlari ko‘rgazmasi havola qilindi. “Navro‘z uchun 10 000 tabassum” xayriya aksiyasi doirasida yetim bolalar, nogironligi bor insonlar va ijtimoiy daftarlarga kiritilgan ehtiyojmand oilalarga sovg‘alar taqdim etildi.
Ayniqsa, Namangan viloyatidagi o‘zbek, qirg‘iz, tojik, rus, koreys milliy madaniy markazlari tomonidan folklor-etnografik ansambllarning badiiy chiqishlari, raqs va ashula, milliy maqom, xalq og‘zaki ijodiyoti asarlari, laparlar, aytishuvlar ishtirokchilar tomonidan ko‘tarinkilikda qarshi olindi. O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarda yetishib chiqqan buyuk allomalar siymosi gavdalantirilgan sahna ko‘rinishlari esa olqishlandi. “Liboslarda jilolangan qadriyat” shiori ostidagi turfa elatlarning milliy liboslari namoyish qilindi.
Eslatib o‘tamiz, do‘stlik, bag‘rikenglik, birdamlik, mehr, oqibat tantanalari viloyatdagi 133 mahallada qizg‘in va ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA