Qozog‘istondagi vaziyat dunyo e’tiborida
Qozog‘istonda norozilik namoyishi kuchayib borishi natijasida davlat rahbari yordam so‘rab Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT)ga murojaat qildi. KXSHT tarkibiga Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Tojikiston va Armaniston kiradi.
Mamlakatga 2500 ga yaqin askardan iborat xorijiy kuch jo‘natilgani aytilgan. Mazkur tinchlikparvar kuchlar davlat idoralarini, harbiy ob’ektlarni himoya qiladi.
AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays qo‘shinlar joylashtirilishini diqqat bilan kuzatib borayotganini bildirdi.
— Ochig‘ini aytganda, Qo‘shma Shtatlar butun dunyoda inson huquqi buzilishi bilan bog‘liq har qanday holatni kuzatib boradi, — dedi Ned Prays.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi yonilg‘i narxi oshishi sababli yuzaga kelgan tartibsizlikda 26 qurollangan jinoyatchi yo‘q qilingani, 18 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgani, shuningdek, 3000 dan ortiq odam hibsga olinganini qayd etdi.
BMT, AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya tomonlarni zo‘ravonlikdan tiyilishga chaqirdi.
Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 70 ta nazorat punkti tashkil etilgan.
Prezident Qosim-Jomart Toqayev bayonotida mamlakatning barcha hududlarida konstitutsiyaviy tuzum tiklangani aytildi.