Qozog‘iston TurkPA raisligini qabul qilib oldi
Turkiston shahrida turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasi Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kazinform axborot agentligi xabar qilishicha, TurkPAga raislik rasman Ozarbayjondan Qozog‘istonga o‘tdi.
Qozog‘iston Parlamenti Majlisi Raisi Nurlan Nigmatulin xalqaro tashkilot raisligini qabul qilib, bu mamlakat uchun katta sharaf va mas’uliyatli vazifa ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan Palata Raisi qardosh Ozarbayjon xalqiga samimiy minnatdorlik bildirgan.
Davlat rahbarlari noyabr oyida Istanbulda Turkiy Kengashning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazadi. Shu o‘rinda Nurlan Nigmatulin, agar shunday qaror qabul qilinsa, Assambleya nomini “Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi” deb o‘zgartirish taklifini berishini ta’kidlagan.
– Kelgusi bir yil mobaynida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish, Parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, mavjud merosni asrab-avaylash, Assambleyaning ko‘lamini kengaytirish va uning xalqaro obro‘sini oshirish uchun birgalikda harakat qilamiz, – dedi Nurlan Nigmatulin.
TurkPA qarori bilan navbatdagi XI yalpi majlisi 2022 yilda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadi.