Qozog‘iston bir milliard dollarlik bug‘doy va meslin eksport qildi
Eksportga chiqarilayotgan bug‘doy va meslin narxlari bir oy ichida 10 foizga oshdi va yil davomida ushbu ko‘tarilish 32 foizni qayd etmoqda. Eksport miqdori ham tabiiy ko‘rinishda 3 foizga va pul ko‘rinishda 40 foizga oshgan, deb xabar bermoqda «Kazinform» agentligi Yenergyprom.kz ma’lumotlariga tayanib.
Joriy yilning yanvar-iyul oylari yakuni bo‘yicha Qozog‘istondan 3,3 million tonna bug‘doy va meslin eksportga chiqarilgan. Tabiiy ko‘rinishda o‘sish 3,2 foizni, pul ko‘rinishida 40,4 foizni tashkil etgan.
Eksport qilingan mahsulotlarning katta qismi MDH mamlakatlariga jo‘natilgan. Eng ko‘p mahsulot O‘zbekiston (1,5 million tonna), Tojikiston (416 ming tonna) va Turkmanistonga (217,9 ming tonna) to‘g‘ri kelmoqda.
MDHga kirmaydigan mamlakatlar orasida Qozog‘iston bug‘doyiga eng katta xaridor Eron bo‘lmoqda. Shuningdek, Afg‘oniston va Italiya mamlakati ham Qozog‘iston bug‘doyining bu yilgi yirik xaridorlari sifatida qayd etilgan.