Ko‘hna tarix sirlari

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumaniga qarashli Mang‘it qishlog‘i atrofida qadimiy tepalik bor. Mutaxassislar ushbu joyni tarixiy Qo‘zi Mundoq shahri deya ishora qilishmoqda.  

Xo‘sh, Qo‘zi Mundok kenti haqida bugungi kunda nimalar ma’lum?  

Xususan, Sharofuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida ikkita joyda Qo‘zi Mundoq nomi qayd etilgan.

[gallery-26137]

Asarda buyuk Sohibqiron Amir Temurning ittifoqchisi Amir Husayn bilan o‘rtasida nizo chiqqani va oxir- oqibat jang qilishga majbur bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlar keltirilgan. “Hazrat sohibqiron Movarounnahr sori borib, Husaynbek cherikini siqqoni” bo‘limida shunday jumlalar bor: “...Hazrat bildikim, bozurgon moli turur, buyurdikim eyalarig‘a bersunlar, va hech bir andin tasarruf qilmadi. Va qarounas elidin besh ming kishi Qo‘zi Mundoqda o‘lturub erdilar. Va Sulaymonbek Yasuriy alarg‘a qotilib va Barot Xoja va Hindushoh taqi cheriklari bilan alarga qo‘shuldilar. Atoichuk va Ko‘dah Xuzordin o‘tib borib alarg‘a qo‘shuldilar...”.

Yana shu asarning “Sohibqiron Jayhun suyidin o‘tkonda xotunlari bila o‘g‘lonlari kelgoni” nomli bo‘limida (220-bet), ya’ni unda Sohibqironning Hindiston yurishidan g‘alaba bilan o‘z yurtiga qaytgani tasvirlangan bo‘lib, ayni shu manzilda to‘xtab o‘tgani aks ettirilgan. Jumladan, unda shunday deyiladi: “...Panjshanba kuni (02.04.1399) qal’adin utub, Obi Boryakda tushti, juma kuni (03.04.1399) Chekdalikda tushdi. Shanba kuni (04.04.1399) Qo‘zi Mundoqda kelib tushti, va yakshanba kuni (05.04.1399) Dilbarching‘a yettilar. Va bu manzilda shohzoda Shohrux Hirotdin kelib atosining muborak diydoridin ko‘zini ravshan qildi...”.

Ko‘rinadiki, Qo‘zi Mundoq shaharchasi o‘z davrining obod va rivojlangan kentlaridan biri bo‘lgan.  

Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” asarida ham Turon zaminning 18-xoni Tarmashirxon ibn Duvo Chechanxon zikrida (317-bet) shunday jumlalar keltirilgan: “...Ukasining o‘g‘li Puron ibn Duvor Temurxon nafis islom kiyimda bo‘lmay, hanuz shirk va zalolatda bo‘lgan odamlar bilan Habadan lashkar tortib, turklarning luy yiliga muvofiq sanayi 718-yilda Keshi dilkash nohiyasidagi Qo‘zi Mundokda Tarmashirxonni shahodat darajasiga yetkazdi. Uni Samarqand qaryalaridan birida dafn etdilar, unga Tangrining rahmati bo‘lsin”.  

Shaharcha nafaqat temuriylar davrida, balki undan ham oldingi zamonlarda ham muhim strategik makon bo‘lib xizmat qilganini keltirilgan manbalar isbotlab turibdi.  

Atrofi past tepaliklar, o‘rtada esa baland to‘rt burchak shaklidagi tepalik joylashgan. Hudud aholisi uni “qo‘rg‘on” deb ataydi. Qo‘rg‘onning ustiga chiqsangiz, to‘rt tomon kaftdek ko‘rinadi.  

Shu hududda yashovchi faxriy pedagog G‘ulom Farmonov bu tepalik haqida quyidagilarni hikoya qiladi.

– Biz turgan hudud mahalliy aholi tomonidan Qo‘rg‘on deb ataladi va juda tarixiy manzil, – deydi G‘.Farmonov. – Bu joy tarixiy Qo‘zi Mundoq mavzesining o‘rni hisoblanadi. U haqida “Zafarnoma"da, “To‘rt ulus tarixi” asarlarida ma’lumotlar uchraydi. Bo‘riboy Ahmedovning “Amir Temur” kitobida ham to‘xtalib o‘tilgan. Ulardagi tarixiy manzillar va masofalarni tahlil qilib ko‘rilsa, Qo‘zi Mundoq shahri ayni shu yerga to‘g‘ri keladi. Bu shaharchaning atrofida ikki qatlam tepaliklar joylashgan va ular bugungi kunda ham saqlanib qolgan. Masalan, Qiziltepa, Qorovultepa, Nomsiztepa kabi tepaliklar birinchi qatlamda. Boburtepa, Qo‘shtamg‘alitepa, Qassobtepa, Oqtepa, Savsantepa, Umurtepa, Ilontepa kabilar ikkinchi qatlamda joylashgan. Qiziqib ularning xaritasini ham chizib chiqqanman. Lekin bugungi kunga qadar hamon o‘rganilmasdan, ro‘yxatga olinmasdan kelmoqda. Natijada bu tarixiy tepalikka aholi tomonidan ziyon yetkazilmoqda. Tepalikdan 500-600 metr uzoqlikda qadimiy zindon ham bor edi. Afsuski, bugungi kunga kelib uni ham buzib ustiga uy qurib yuborishdi.  

Haqiqatda “Qo‘rg‘on”ning atrofiga odamlar qurgan uylar anchagina yaqin kelib qolgan. Hatto qo‘rg‘onning ustida ham poydevor qurish uchun chiziqlar tortilgan, xayriyatki, kimdir qaytargan bo‘lsa kerak, qurishga jazm qilmabdi.  

Tepalikni ustida aylanar ekanmiz, ko‘plab sopol parchalari, hatto tarixiy pishgan g‘isht bo‘laklarini uchratish mumkin. Ularni suratga olib, arxeolog do‘stlarimizga tashlab berdik va fikrlari bilan qiziqdik.

– Mang‘it qishlog‘idan topilgan sirlangan sopol buyumlarga ta’rif beradigan bo‘lsak, och moviy rang bilan sirlangan sopol buyumlar yurtimiz hududlarida 13-asrning boshlarida ya’ni mug‘ullar bosqini arafasida urfga kirgan, – deydi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi Dilmurod Omonov. – Xorazmshohlar davlatining so‘nggi davrlarida mana shunday sopol buyumlar keng tarqalgan. Bundan tashqari, yodgorlikning yuzasida temuriylar davriga oid ko‘plab sopol buyumlar uchraydi. Ularning o‘ziga xosligi haqida aytadigan bo‘lsak, oq fon ustiga gorizontal tarzda turli xil chiziqlar bilan bezak berish asosan temuriylar davrida boshlangan. Bundan tashqari, o‘sha chiziqlarni hosil qilishda qora rangli siyohdan foydalanish ham ko‘proq temuriylar davriga xos. Pishgan g‘ishtlar haqida fikr bildiradigan bo‘lsak, aslida somoniylar davridan boshlab bu kabi g‘ishtlar tayyorlash boshlangan. Biz ularning hajmiga qarab davrini aniqlaymiz. Bu yodgorlikdan topilgan g‘ishtlar ham yuzasi 20x20, qalinligi esa 5 santemetrni tashkil qiladi va bu somoniylar davriga xos bo‘lgan pishgan g‘ishtlar standartiga to‘g‘ri keladi.  

Bizga hamrohlik qilgan G‘ulom akaning ta’kidlashicha, shaharcha anchagina katta maydonni egallagan. Qo‘rg‘onning atrofi shaharcha bo‘lib, u yerda katta bozor (o‘sha yerda aholi tilida “Pionerka” bozori deb ataluvchi bozor hozir ham faoliyat yuritadi), hunarmandchilik ustaxonalari, karvonsaroylar ham bo‘lgan. Shaharcha o‘rtasidan qo‘l kuchi bilan kavlangan, aholi tilida “Xon ariq” deb nomlangan ariq ham o‘tgan va u yaqin yillargacha saqlanib qolgan. Ammo sobiq sovit davrida hammasi tekislanib, o‘rnida qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirila boshlagan. Chorvachilik fermaxonasi qurilgan. Bittagina ziyoratgoh buzilmay qolgan. Aytishlaricha, u yerda o‘z davrining ulug‘ avliyolaridan biri dafn etilgan.

Ushbu ziyoratgohni ham borib ko‘rdik. U yerda maxsus panjara bilan o‘ralgan ikkita qabrni ko‘rish mumkin. Qabrtoshdagi yozuvni mutaxassislarga o‘qitganimizda quyidagicha ma’lumot oldik. Mutaxassislarga ko‘ra, qabr toshiga “Amir Odilbek, amir Muazzamning o‘g‘li amir Barot Xoja ota, Amir A’zam... 830/1427 yil Avgust-Sentyabr” deb yozilgan. Aftidan, bu inson ham temuriylar davrida xo‘jalar avlodidan bo‘lgan nufuzli insonlardan biri bo‘lgan. Bundan tashqari, u amirlik maqomida tavsiflangan. Ikkinchi qabrdagi tosh esa no’malum sabablarga ko‘ra yo‘qolgan. Hudud aholisi bu yerni “Ko‘ktosh ota” ziyoratgohi deb ataydi.

Tarixiy Qo‘zi Mundoq kenti haqida aniqlaganlarimiz shular bo‘ldi. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu joy haqiqatda o‘zida tarixning muhim sir-asrorlarini jamlagan. Uni asrab avaylash, o‘rganish, tadqiq etish, kelajak avlodga yetkazish sizu bizning burchimizdir. Ammo ushbu manzil hali- hamon ro‘yxatga olinmaganiga hayron qoldik. O‘ylaymizki, sohaga aloqador mas’ullar ushbu tepalikni tez orada muhofazaga olishadi va arxeologik tadqiqotlar o‘tkaziladi. Tarixiy Qo‘zi Mundoq maqomi qayta tiklanadi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari

Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘zi Mundoq mavzesi muhofazaga muhtoj?