Qo‘shariq mahallasi obod bo‘lmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Norin tumanining Qo‘shariq mahallasi “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan bo‘lib, hozirda hududda keng ko‘lamdagi bunyodkorlik, obodonchilik ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino barpo etilayotir. Bunda “mahalla yettiligi”ga alohida xonalar ajratilgan. Ushbu binoda 3000 dona kitob fondiga ega kutubxona ham tashkil etiladi.
Shuningdek, ichki ko‘chalar shag‘allanib, bir kilometrdan ziyod yo‘lda asfaltlash ishlari bajarilmoqda. Eskirgan elektr tayanchlar yangisiga almashtirilayotir. Toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari esa yakunlandi.
[gallery-14713]
Jarayonda fuqarolar xonadonlarida ozodalik va saranjom-sarishtalikka amal qilish, tomorqadan samarali foydalanishni tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilgan.
– Tomorqamizda ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘yganmiz, - deydi mahalla fuqarolaridan biri Husanboy Qosimov. – Bu yil limon ko‘chati yetishtirib, 48 million so‘m daromad oldik. Yana 10 ming tupdan ortiq limon qalamchasini parvarishlayapmiz. Ular erta bahorda sotuvga chiqariladi.
Odiljon Ortiqov va Sohibaxon Asqarova xonadonlari tomorqasiga esa to‘qsonbosdi ekinlar ekilgan. Ular ham tomorqadan mo‘may daromad olish hadisini olgan.
Mahallada yoshlarni bo‘sh vaqtida kasbga qiziqtirish maqsadida kosibchilik faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bunda Mustaqillik ko‘chasida yashovchi ko‘p yillik tajribaga ega kosib Otabek Jalilov “Ustoz-shogird” an’anasi asosida yoshlarni o‘z ustaxonasiga jamlagan.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA