Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinadimi? (+video)
Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze muxolifatni hukumatni ag‘darishga urinishda ayblab, endi “ularga qarshi keskin kurashishi”ni ma’lum qildi. Bu bayonot “Gruzin orzusi” partiyasi mahalliy saylovda g‘alaba qozongandan keyin yangradi. Aynan shu kuni muxolifat tarafdorlari “hukumatning zo‘ravon siyosati hamda Gruziyaning Rossiya ta’siriga tushib borayotgani”ga qarshi ommaviy namoyish o‘tkazdi.
O‘n minglab gruziyalik ko‘chalarga chiqib, ayrimlar Prezident qarorgohi – Orbeliani saroyini bosib olishga urindi. Sobiq Prezident Salome Zurabishvili bu harakatni qoraladi va namoyishni faqat tinch yo‘l bilan davom ettirishga chaqirdi. O‘sha kunlari Davlat xavfsizlik xizmati Tbilisi yaqinidagi o‘rmon hududidan qurol-yaroq, o‘q-dori va portlovchi moddalar saqlangan yashirin ombor aniqlanganini ma’lum qildi. Hukumat fikricha, bu aslahalar muxolifat namoyishlarida “buzg‘unchilik harakati”ni amalga oshirish uchun yashirib qo‘yilgan.
Vaholanki, muxoliflar o‘tgan yil noyabr oyidan beri tinch namoyish o‘tkazib kelmoqda. Qisqasi, vaziyatni hukumat bunday talqin qilishi raqobatchilar tomonidan “o‘xshamagan” yoki eski ssenariy sifatida qabul qilindi. Ya’ni, topilma voqeasi Kobaxidze boshliq rasmiylar tomonidan “pufakdek shishirilgan”i ta’kidlandi. Shundan keyin Gruziya rasmiylari namoyishlarni chet eldan moliyalashtirilgan amaliyot sifatida ko‘rsata boshladi. Bosh vazir “qo‘llab-quvvatlovchilar – chet el agentlarini butunlay harakatsizlantirish”ga va’da berdi. U Yevropa Ittifoqi amaldorlari va diplomatlarini mamlakat ichki ishiga aralashish, xususan hukumatga qarshi namoyishni rag‘batlantirishda aybladi.
Minglab namoyishchilarning asosiy talabi nima?
Ular Bosh vazir Irakliy Kobaxidzening iste’fosi, shuningdek mamlakat Yevropa tomon intilishi va Rossiyadan siyosiy jihatdan uzilishini talab qilmoqda. Aksiyada ishtirok etayotganlarga qarshi politsiya maxsus kuchlarni jalb qilgan. Xizmatchilar olomonni suv purkovchi uskuna va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida haydashga uringan. Eng faol besh nafar muxolif qo‘lga olingan. Ular 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi xavfi bor. Eng ajablanarlisi, 50 dan ziyod mahalliy va xalqaro tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, saylovni kuzatishda asosiy xalqaro kuzatuvchilar sanalgan Yevropa Parlamenti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Amerikadagi yirik nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari, negadir, ishtirok etmagan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6eOxglMtG7o" title="Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinadimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA