Qorako‘llik fermerga “Kobalt” avtomashinasi berildi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Oydinoy, Olim, Oybek” fermer xo‘jaligi rahbari Sardor Ergashevga “Kobalt” avtomashinasi tantanali tarzda topshirildi.
Sardor Ergashev rahbarlik qilayotgan “Oydinoy, Olim, Oybek” fermer xo‘jaligi Qorako‘l tumani “Sayyot” hududida faoliyat ko‘rsatadi. Joriy yilda fermer xo‘jaligi a’zolari 58,8 gektar maydonga chigit ekib, parvarishlashdi. O‘z vaqtida olib borilgan borilgan agrotexnik tadbirlar tufayli xo‘jalikda mo‘l hosil yetishtirildi. “Merganteks” MCHJ shaklidagi paxta to‘qimachilik klasteri bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq qabul maskanlariga ayni kunga qadar 165 tonna yuqori sifatli “oq oltin” topshirildi. Hali fermer xo‘jaligi dalalarida hosil cho‘g‘i baland. Yig‘im-terim ishlari esa bir dam susaygani yo‘q.

— Fermerlarda yuqori hosil olishga bo‘lgan motivatsiyani kuchaytirish maqsadida mavsum boshida bir tanlov e’lon qilgandik, – deydi “Merganteks” MCHJ rahbari Ibrohim Hamroyev. — Unga ko‘ra, birinchi terimda 70 sentner hosil olgan fermerga “Kobalt”, 60 sentner olganga “Spark” avtomashinasi, 50 sentnerga 50 million, 40 sentnerga 40 million, 30 sentnerga 30 million so‘m pul mukofoti berilishi va’da qilingan edi.
O‘ziga xos musobaqada Sardor Ergashevning “qo‘li baland keldi”. Uning rahbarligidagi xo‘jalik a’zolari 70 sentnerlik marrani zabt etdi. Klaster ham va’dasiga vafo qildi.

Tumanning “Qurbonboy Choriyev” fermer xo‘jaligi rahbari Erkin Choriyev esa “Spark”li bo‘ldi. Shuningdek, “Abduqodir Eshon” fermer xo‘jaligi rahbari Iskandar Salomov va “Ozodbek Ravshanov” fermer xo‘jaligi rahbari Bekzod Ochilovga 50 million so‘mlik, “Zokir Betutov g‘allakor” fermer xo‘jaligi rahbari Mahmud Bebutov va “Dilmurod-74” fermer xo‘jaligi rahbari Nasim Hamroyevga 30 million so‘mlik sertifikatlar topshirildi.
Birgina bu emas. Shu kuni rag‘batlantirish estafetasini “Qorako‘l kumush kalava” MCHJ shaklidagi paxta-to‘qimachilik klasteri o‘z qo‘liga oldi. Mazkur klaster tomonidan ham ilg‘or fermerlar munosib taqdirlandi. Xususan, “Rasul Jabbor Ibrohim”, “Yangi turmush zamini”, “Ulug‘ bobo” va “Samad Said” fermer xo‘jaligi rahbarlari 30 million so‘mlik sertifikatlarga ega bo‘ldi. Bundan tashqari “Ziyorat” hududi rahbari Furqat Halimovga “Spark” tuhfa qilindi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.
Zarif Komilov, O‘zA