Qora va rangli metall parchalari sohasida litsenziyalash tartibi 20-iyuldan kuchga kiradi
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida qora va rangli metall parchalari hamda chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash tartibining joriy etilishiga bag‘ishlangan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda vazirlik mas’ullari, soha vakillari, qator davlat tashkilotlari mutaxassislari hamda tadbirkorlar ishtirok etib, yangi tartibning mazmun-mohiyati, asosiy tamoyillari va amaldagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlarni atroflicha muhokama qildi.

Unda Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov va boshqa mutasaddilar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida milliy iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror rivojlantirish, sanoat salohiyatini oshirish hamda tabiiy va ikkilamchi resurslardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish, yirik davlat korxonalariga berilgan maxsus huquqlarni bekor qilish, qora va rangli metall parchalari hamda chiqindilarni tayyorlash, qayta ishlash va sotish sohasida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish natijasida ochiq va raqobatbardosh bozor muhitini shakllantirish vazifalari belgilangani qayd etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-son qarori qabul qilingani ma’lum qilindi. Unga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, qora va rangli metall parchalari hamda chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha pasportlar tasdiqlangan.
– Mazkur qarorga asosan litsenziyalash tartibi 2026-yil 20-iyuldan kuchga kiradi. Unga ko‘ra, litsenziyalanadigan faoliyat turlari, litsenziya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar, arizalarni ko‘rib chiqish muddatlari, shuningdek, litsenziya talablari va shartlari aniq belgilab qo‘yilgan. Belgilangan muddatga qadar tadbirkorlik sub’ektlari korxonalarni tashkil etish, moddiy-texnika bazasini shakllantirish, zarur uskunalar bilan jihozlash hamda malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha tegishli choralarni ko‘radi, – dedi U.Yusupov.

Shuningdek, litsenziya beruvchi vazirlik va idoralar “Litsenziya” axborot tizimi hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya ishlarini amalga oshirayotgani qayd etildi. Ayni paytda tadbirkorlik sub’ektlariga mazkur qaror mazmun-mohiyati yuzasidan keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur litsenziyalash tartibining joriy etilishi sohada davlat tomonidan tizimli va samarali boshqaruv mexanizmlarini shakllantiradi. Bu esa qonun ustuvorligini ta’minlash, noqonuniy faoliyatni cheklash, bozor munosabatlarini shaffoflashtirish, raqobat muhitini yaxshilash, davlat byudjeti tushumlarini oshirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Doniyor Yoqubov (surat), O‘zA