“Qora bozor”ning hadisini olgan “tadbirkor”
Xorijiy valyutani noqonuniy almashtirganlik uchun javobgarlik belgilanganligi to‘g‘risida barcha joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Qolaversa, barcha banklarda emin-erkin valyuta almashtirish shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, ayrim fuqarolarimiz yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanmasdan, o‘z bilganlaricha ish tutayotganligi achinarli hol, albatta.
Bagirov Shaxbaz Atayevich (ism shariflar o‘zgartirilgan) garchi bunday shart-sharoitlar mavjud bo‘lsa-da, parvo qilib o‘tirmadi. Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanidagi “Sozlab ol” savdo majmuasida joylashgan oziq-ovqat savdo do‘konida 3000 AQSH dollarini, har bir AQSH dollarini 10 ming 350 so‘mdan baholab, jami 31 million 050 ming so‘mga Adbakarov Janabek Bo‘tayevichga sotayotgan vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Navoiy viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi, undan 3000 AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Albatta, hujjatlar rasmiylashtirildi va ish sudga oshirildi.
Yaqinda sudlanuvchi Sh.Bagirovning “ishi” sud majlisida ko‘rib chiqildi. Amaldagi qonunchilikka binoan sud sudlanuvchiga nisbatan jazo tayinlashda javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar sifatida shaxsini, aybiga to‘liq iqrorligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, tadbirkor ekanligini, voyaga yetmagan farzandlari borligini, javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar yo‘qligini, jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini hisobga olib, unga nisbatan jarima jazosi tayinlashni lozim, deb hisobladi.
Natijada unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 177-moddasi 2-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravari, ya’ni 13 million 380 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchi Sh.Bagirovdan ashyoviy dalil tariqasida olingan TIF Milliy bankning Navoiy bo‘limiga vaqtincha saqlash uchun topshirilgan 3000 AQSH dollari hukm qonuniy kuchga kirganidan so‘ng davlat foydasiga musodara qilinadigan bo‘ldi.
Farrux Qahorov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudi raisi.
O‘zA