Qonunlar kuchaytirildi, ammo yo‘llarda xavf hamon kamaymadi
Yo‘ldagi har bir qoidabuzarlik ortida inson taqdiri turadi.
Bir lahzalik e’tiborsizlik yoki yo‘l harakati qoidalariga beparvolik soniyalar ichida qaytarib bo‘lmas oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bois, keyingi yillarda O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik sezilarli darajada kuchaytirildi. Jumladan, tezlikni oshirish, mast holda transport boshqarish, qarshilik polosasiga chiqish, svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik kabi qoidabuzarliklar uchun jarimalar va ma’muriy javobgarlik choralari qat’iylashtirildi, foto va videofiksatsiya tizimlari kengaytirildi.
Biroq ko‘rilayotgan choralarga qaramay, statistika yo‘llarda harakat xavfsizligi madaniyatini yuksaltirish va har bir harakat ishtirokchisining mas’uliyatini oshirish dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda 2 ming 286 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Ularda 3 ming 306 nafar fuqaro jabrlangan.
Hududlar kesimida eng ko‘p YTH Toshkent shahrida (420 ta), Samarqand viloyatida (311 ta) va Toshkent viloyatida (271 ta) qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkich esa Buxoro viloyati hissasiga to‘g‘ri kelib, bu yerda 48 ta yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.
Bu raqamlar qonunlarning o‘zi yetarli emasligi, eng muhimi ularga so‘zsiz amal qilish madaniyatini shakllantirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA