Qonunbuzarlik aniqlandi
Bugungi kunda sog‘lom turmush tarziga qiziqish ortib borayotgani sababli tabiiy oziq-ovqat qo‘shimchalari va o‘simlik asosidagi mahsulotlarga talab ham oshib bormoqda. Shunday mahsulotlardan biri — psyllium bo‘lib, u tabiiy o‘simlik tolasi sifatida ovqat hazm qilish tizimini tartibga solish, organizm faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom ovqatlanishda keng qo‘llaniladi. Mazkur mahsulotga ichki bozorda ehtiyoj yuqori bo‘lgani uchun u asosan mamlakatimizga import orqali olib kiriladi.
Biroq har qanday tovar kabi ushbu mahsulotning ham amaldagi qonunchilik talablari asosida rasmiylashtirilishi, tegishli bojxona to‘lovlari to‘lanishi va yuk hujjatlarida to‘liq aks ettirilishi muhim ahamiyatga ega.

Xususan, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona posti orqali xorijdan import tartibida kirib kelgan yuk avtomashinasi belgilangan bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Nazorat jarayonida avtomashinadagi tovarlar va unga tegishli hujjatlar sinchiklab tekshirildi. Tekshiruv davomida yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, og‘irligi 1 tonnani tashkil etuvchi psyllium mahsuloti borligi aniqlandi. Ya’ni tovar rasmiy hujjatlarda qayd etilmagan holda olib kirishga uringani ma’lum bo‘ldi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur mahsulot uchun 65 million so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari undirilishi lozim bo‘lgan. Biroq ushbu majburiy to‘lovlardan qochishga bo‘lgan urinish natijasida umumiy qiymati qariyb 350 million so‘mlik tovarlar vaqtincha saqlov omboriga joylashtirildi.

Ayni paytda holat yuzasidan tegishli tartibda qonuniy choralar ko‘rilmoqda va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Bu kabi holatlar tashqi iqtisodiy faoliyatda ochiqlik, halollik va qonunga rioya qilish naqadar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Chunki qisqa muddatli manfaat ilinjida qonun talablarini chetlab o‘tish oqibatida tadbirkorlik sub’ektlari moliyaviy zarar ko‘rishi, tovarlar ushlab qolinishi va huquqiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.