Qonun ustuvorligini ta’minlash – muhim vazifa
Bizga ma’lumki, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yilda 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida qonun ustuvorligini ta’minlash muhim vazifa ekanligini qayd etib o‘tdilar.
Bunda ayniqsa, bugungi islohotlarimiz samarasi ko‘p jihatdan to‘rtta muhim omilga – ya’ni, qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashish, institutsional salohiyatni yuksaltirish va kuchli demokratik institutlarni shakllantirishga bog‘liq ekanligini ta’kidladilar.
Ushbu Murojaatnomada yurtboshimiz, sud mustaqilligini to‘liq ta’minlash – eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘lishi zarurligi hamda dastlabki tergovda davom etib kelayotgan qonun buzilish holatlarini faqat va faqat sudlarning haqiqiy mustaqilligiga erishish orqali bartaraf etish mumkin ekanligi haqida ham aytib o‘tdilar.
Yurtboshimiz o‘z fikrlarini davom ettirib, «Bu borada qabul qilgan qonuniy chora-tadbirlarimiz aniq natijalar bera boshladi. Ushbu ijobiy o‘zgarishlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining sudyalar mustaqilligi bo‘yicha maxsus vakili Diyego Garsiya-Sayyan janoblari ham alohida e’tirof etdi», deya ta’kidladilar.
Darhaqiqat joriy yilda sudlar faoliyati bilan bog‘liq bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligining guvohimiz. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 sentyabrdagi «Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilindi.
Bu qaror esa, mamlakatimizda sud hokimiyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga xizmat qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 sentyabrdagi «Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorining maqsadi sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman odil sudlovga erishishni oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashdir.
Bundan tashqari, bugungi kunda sudlarda ishlarni ko‘rishda ko‘pgina vazirlik va idoralar bilan ma’lumot almashinuvi ularning axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilishga doir masalalarni hal etishga qaratilgan bo‘lib, sudlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan interaktiv xizmatlar turini kengaytirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga doir chora-tadbirlarini amalga oshirishdan iborat bo‘ldi.
Mazkur qaror sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish, sudlar va boshqa idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yaxshilash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi
PF–6034-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida bir qancha vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 avgustdagi PQ–3250-son qarori bilan tasdiqlangan 2017-2020 yillarda Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturining ijrosi natijasida sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa tizimidan foydalanib ishtirok etish, sudyalar o‘rtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash, sud qarorlarini Internet tarmog‘ida e’lon qilish, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish tizimlari joriy etilganligi qayd etildi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yurtboshimiz Oliy Majlisga murojaatnomasida, «O‘tgan 3 yilda 1 ming 989 nafar, 2019 yilning o‘zida 59 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, 2019 yilda 3 ming 81 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingan bo‘lsa, 2 ming 623 nafar fuqaroga asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarilganligi va o‘zgartirilganligi bunda sudyalarimizning adolatni va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida oqlov hukmlarini chiqarayotgani, hech shubhasiz, sud-huquq sohasidagi eng katta yutug‘imizdir», deb aytib o‘tdilar.
Bundan tashqari qonun ustuvorligini ta’minlashda oldin qabul qilingan ayrim qonunlar, kodekslar, normativ-huquqiy hujjatlarning talab darajasida emasligi va ularni qayta ko‘rib chiqib, qabul qilish lozimligini ta’kidlab o‘tdilar.
Jumladan, sud-huquq sohasiga doir asosiy qonun va kodekslar bundan deyarli 20-25 yil oldin qabul qilingan bo‘lib, hozirgi davr talablariga javob bermasligini va parlament yaqin yillarda Fuqarolik, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijro, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarni yangitdan qabul qilishi maqsadga muvofiqdir. Bu borada, avvalo, tergov va sud amaliyotiga inson huquqlari sohasidagi ilg‘or standartlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratish kerakligini nazarda tutdilar.
Darhaqiqat, qonun ustuvorligini ta’minlash o‘z navbatida huquqbuzarliklarning oldini olish masalasi bilan ham bog‘liqligi yurtboshimizning murojaatlarida o‘z aksini topdi.
Ya’ni huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish zarur, bunda biz ichki ishlar idoralari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha jiddiy islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Biroq, ochiq tan olish kerak, ushbu idoralar hali xalqchil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylangani yo‘q» deya o‘z so‘zlarini davom ettirdilar.
Tizimda jamoat tartibini saqlash, jinoyatlarga qarshi kurashish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatiga doir aniq mezonlar belgilanmagan. Shu sababli islohotlarni davom ettirib, ichki ishlar idoralarini odamlarimizning og‘irini yengil qiladigan tuzilmaga aylantirish zarurligini yana bir bor takrorlash o‘rinli, deb bilaman deb ta’kidladilar.
Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashda hamda taraqqiyotimizga g‘ov to‘siq bo‘layotgan korrupsiya illati haqida ham fikr bildirib o‘tdilar.
Jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, «halollik vaksinasi» bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak».
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, korrupsiyaga qarshi kurashish masalasida bir qancha huquqiy hujjatlar yurtboshimiz tomonidan qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvardagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-6013-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-4761-sonli Qarorlari shular jumlasidandir.
Darhaqiqat, Prezidentimizning ushbu murojaatlarida bunday illatni oldini olish maqsadida, parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tashkil etish;
Prezident Administratsiyasi Oliy Majlis palatalarining tegishli qo‘mitalari bilan birgalikda uch oy muddatda tegishli farmon loyihasini ishlab chiqish kabi vazifalar belgilab olinishi aytib o‘tildi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, korrupsiya har qanday davlat va jamiyat taraqqiyotiga jiddiy putur yetkazadi. Qolaversa, fuqarolarning ijtimoiy adolat, haqiqat hamda davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi. Shuning uchun ham respublikamizda mazkur illatga qarshi kurashish, unga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirish yo‘lida qat’iy ishlar olib borish lozim.
Calomat Niyozova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga
qarshi kurashish kafedrasi professor vazifasini
bajaruvchi, yu.f.d. (DSc),
Nosir Hojiyev,
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga
qarshi kurashish kafedrasi o‘qituvchisi