Qonun loyihasi muhokama qilindi
Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar, shu jumladan, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, madaniyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, madaniyat va san’at muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratilmagani turli e’tirozlarga sabab bo‘layotgandi. Mazkur “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun sohadagi huquqiy bo‘shliqni to‘ldirishga xizmat qiladi.
Qonunda madaniyat sohasida davlat siyosatining maqsadi va asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, mazkur yo‘nalishdagi huquqiy munosabat ishtirokchilarini aniqlash va ularning vakolatlarini belgilash, iste’dod egalari va madaniyat muassasalarining huquqiy maqomini belgilash, madaniyat tashkilotlarining davlat hokimiyati organlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro aloqa va hamkorligini takomillashtirish, boshqa qator muhim masalalar qamrab olingan.
Ushbu qonunning qabul qilinishi, madaniyat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish samaradorligini oshirish, sohani tartibga solishga qaratilgan qonun hujjatlaridagi mavjud qarama-qarshiliklar va nomuvofiqliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA