Qonun hujjatlarida nimalar o‘zgardi?
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi Davlat qo‘riqxonasida O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida” gi qonuni mazmun-mohiyati hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va boshqa qonun hamda qonun osti hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga bag‘ishlangan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 2 avgust kuni ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun imzolandi. Unga ko‘ra, bir qator qonunlarga O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi o‘simlik va hayvonlar turlarini tabiiy muhitdan ajratib olishni cheklashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
– Tabiatni muhofaza qilishda huquqiy me’yorlarni bilish nozirlarimiz uchun muhim hisoblanadi, – deydi Zomin davlat qo‘riqxonasi bo‘lim boshlig‘i Oqilbek Suyunov. – Yangi qonun bilan “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasi “Kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik turlarini saqlab qolish va muhofaza qilish uchun ularning o‘sish muhiti bo‘lgan joylarda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etilishi mumkin”, deb o‘zgartirildi.

Bundan tashqari, mazkur qonunning 31-moddasining ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlari “Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar turlaridan ushbu turdagi o‘simliklarni saqlash, muhofaza qilish, takror ko‘paytirish va tiklash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida ularni tabiiy muhitdan ajratib olgan holda foydalanilishi mumkin. Bu o‘simliklar turlarining urug‘lari, ko‘chatlari hamda nihollari pitomniklarda va plantatsiyalarda yetishtirilib, tabiiy muhitga ekilganidan keyin, 3 yil o‘tmasdan avval ularning urug‘larini yig‘ish yoki hosilini olish taqiqlanadi” mazmunidagi bandlar bilan to‘ldirildi.

Shuningdek, seminarda ovchilik xo‘jaliklarini yuritishning yangilangan qonunchilikdagi huquqiy asoslari, tabiiy, texnogen va antropogen omillardan zarar ko‘rgan hayvonlarni reabilitatsiya qilish va tabiatga chiqarib yuborish maqsadida tabiiy muhitdan majburiy tarzda ajratib olish, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar turlarini maxsus yaratilgan sharoitlarda ko‘paytirish hamda Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlarning ayrim turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga doir ruxsatnomalarni berish bo‘yicha huquqiy me’yorlar to‘g‘risida batafsil tushunchalar berildi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA