Qo‘ng‘iroq jarangi olamni tutdi
Nihoyat o‘quvchilar orziqib kutgan kunlar ham keldi. O‘quv yili boshlandi. Ohori to‘kilmagan yangi liboslarni kiygan o‘quvchilar erta tongdan maktab sari shoshilishadi. Ularga qarab turib o‘quvchilik yillarim yodimga tushdi.
O‘sha paytlar ota-onamiz hammamizga bir yilda bir marta yangi kiyim olib berardi. U ham bo‘lsa yangi o‘quv yili oldidan. Har kuni bir marta kiyib, g‘oz yurish qilardik. Singlim har kuni yangi kiyimlarini kiyib olib dugonalariga maqtardi. Uni kiyib ko‘chaga chiqish uchun o‘quv yili boshlanishini sabrsizlik bilan kutardik...
Bugun respublikamizdagi barcha umumta’lim maktablarida o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan qo‘ng‘iroqlar jarangladi. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan 7-umumta’lim maktabida ham ilk qo‘ng‘iroq tadbiri ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
[gallery-13437]
Boisi mazkur maktab belgilangan dasturlar asosida qariyb 15 milliard so‘m evaziga kapital ta’mirlandi va qaytadan chiroy ochdi.
An’anaga ko‘ra, bugun ham barcha sinf o‘quvchilari maktab hovlisiga jam bo‘ldi. Davlatimiz madhiyasi yangradi. Boshlang‘ich sinfga qabul qilingan jajji qizaloq bitiruvchi sinf o‘quvchisi quchog‘ida davra aylanib, qo‘ng‘iroqni shavq bilan chaldi. Go‘yo kelajakdagi orzulari jarangini izhor qildi.
– Joriy yilda maktabimizning kapital ta’mirlangani quvonchimizga quvonch qo‘shdi, – deydi maktab direktori Abror Murodov. – Ayniqsa uzoq yillardan buyon faoliyat yuritmay kelayotgan sport zalimiz zamonaviy ko‘rinish oldi va barcha sport inventarlari bilan ta’minlandi. Maktabimiz 500 o‘rinli edi, ammo ming nafardan ziyod o‘quvchiga ta’lim berar edik. Xonalar yetishmasdi. Kapital ta’mir jarayonida qo‘shimcha 300 o‘rinli yangi bino ham qurib berildi. Bu esa o‘quvchilarimizning emin-erkin ta’lim olishiga xizmat qiladi.
Maktabga joriy yilda yana 90 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari qabul qilindi. Ularga ham ilk saboq boshqa sinflarda bo‘lgani kabi “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostidagi mustaqillik darsi o‘tildi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.