“Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi
Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Farrux Ziyabayev bilan Jizzax viloyatining eng olis hududi – Yangiobod tumanida “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan ushbu tumanda sektor rahbarlarining hamrohligida samimiy va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan uchrashuv yoshlarga berilayotgan e’tibor, imtiyoz va imkoniyatlardan keng foydalanish, yoshlarning milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish istaklarini yanada oshirishga qaratilgani bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Chegara tumanida bo‘lib o‘tgan “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Farrux Ziyabayev Vatan himoyachisi bo‘lish, mamlakatimizga sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilish sharafli burch ekanligi to‘g‘risida gapirdi.
Uchrashuv davomida tadbir ishtirokchilarining harbiy va turli sohadagi savol- murojaatlariga Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni va boshqa tegishli mutaxasislar tomonidan to‘liq javoblar berildi.
[gallery-14028]
Shuningdek, tuman hokimligi bilan hamkorlikda olis hudud yoshlarini harbiy qismlarga taklif etib, ularga milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar xususida ma’lumotga ega bo‘lish va ular o‘rtasida turli harbiy sport musobaqalarini va festivallarni o‘tkazish masalalari ham kelishib olindi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida,“Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy vatanparvarlik harakatiga a’zo bo‘lgan 100 nafar yangiobodlik yoshga ko‘krak nishonlari tantanali topshirildi.
Tadbirning rasmiy qismi nihoyasiga yetgach, tuman fuqarolari va yoshlari uchun harbiy xizmatchilarning qo‘l janggi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari, faxriy qorovulning marsh sadolari ostidagi harbiy saf yurishi, harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi hamda harbiy orkestr jamoasining ona Vatan va Milliy armiyani tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari yangradi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari