Qo‘mondon o‘quvchilar bilan uchrashdi
Namangan viloyatining Pop tumanidagi harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, Pop tumani hokimligi, tuman Nuroniylar jamoatchilik kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Mudofaa vazirligi Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Lutfulla Buzrukov uchrashuvga chaqirilgan maktab o‘quvchilariga mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilishi, Milliy armiyani shakllantirish tarixi, Vatanni himoya qilishdek sharafli, o‘ta mas’uliyatli kasbning ahamiyati to‘g‘risida atroflicha tushunchalar, zarur ma’lumotlar berdi.

Mas’ul ofitser kishi qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida xizmat qiladigan yetuk kadr bo‘lib yetishsa, bu uning yutug‘i ekanini misollar orqali izohlab o‘tdi. Ayniqsa, harbiylikni egallash uchun har bir insondan bilim, iroda va kuch talab qilinishi aytib o‘tildi.
“Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi ishtirokchilariga zamonaviy qurol-aslahalalar va harbiy texnikalar namoyish etildi. Harbiy qismda tashkil etilgan muzey eksponatlari o‘quvchilarda yorqin taassurotlar qoldirdi. Ayniqsa, buyuk sohibqiron Amir Temur, ulug‘ qahramonlarimiz Jaloliddin Manguberdi, Temurmalik kabi sarkardalarning jang uslublari haqidagi hikoyalar bo‘lg‘usi Vatan himoyachilarida tarix faniga qiziqish hamda kelgusida ona yurtni himoya qilishga bo‘lgan intilishni oshirdi.

Harbiy vatanparvarlik oyligi doirasidagi bu kabi tadbirlar Namangan viloyatining barcha shahar va tumanlarida qizg‘in ruhda davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA