Qoʻqon unutilmas onlarni baxsh etmoqda
Xalqaro hunarmandchilik festivalida ishtirok etayotgan xorijlik mehmonlar va yurtdoshlarimiz oʻzlarining taassurotlari haqida soʻzlab berdi.
Xalqaro hunarmandchilik festivalida ishtirok etayotgan xorijlik mehmonlar va yurtdoshlarimiz oʻzlarining taassurotlari haqida soʻzlab berdi.
Lola ABAYEVA, Surxondaryo viloyati:
- Besh nafar raqqosa qizlarimiz bilan milliy va jahon xalqlari raqslarini aynan festival uchun maxsus tayyorlab kelganmiz. Shuningdek, uch nafar baxshilarimiz, Boysun tumanining dunyoga mashhur “Shalola” folklor-etnografik ansambli chiqishlari barchaga manzur boʻlmoqda. Alpomish va Barchinoy siymolaridagi viloyat teatri aktyorlari, xalq badiiy jamoalari lapar va oʻlanlari ishtirokchilarning katta olqishiga sazovor boʻlmoqda.
Ulbulsun SAPANIYOZOVA, Qoraqalpogʻiston Respublikasi:
- Festivalda ajoyib qoʻl mehnati namunalari bilan qatnashmoqdamiz. Mehmonlar koʻz oʻngida tayyorlab berayotgan turli mahsulotlarga qiziqish katta boʻlmoqda.
Qoraqalpoq oʻtovi va undagi yashash uchun qulay boʻlgan sharoitlar barchaga manzur boʻlyapti. Oʻtovimizda xorijlik mehmonlar bilan doʻstona suhbatlar boʻlib oʻtmoqda.
Baxtiyor XOJINIYOZOV, Turkmaniston:
- Turkmaniston xalq ustasi sifatida “Buyuk Ipak yoʻli kitobi” deb nomlangan ijodiy ishimni xalqimiz nomidan sovgʻa sifatida Ashxoboddan olib keldim. Festival yakuniga yetgach ushbu sanʼat asarimni oʻzbek xalqiga sovgʻa tariqasida taqdim etmoqchiman. Unda Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan qardosh xalqlarning tarixi, madaniyati va milliy urf-odatlari aks ettirilgan.
Machu PALMECh, Irlandiya:
- Mana bu – Irlandiya soʻzanasi. Qoʻl mehnati mahsuloti boʻlgan ushbu hunarmandchilik namunasi yurtimizda juda ham qadrlanadi. Oʻzbekistonda bu kabi hunarmandchilik ishlari yuksak eʼzozlanishi meni juda ham mamnun etdi. Yurtingiz hunarmandlaridan oʻrgansa arziydigan jihatlar juda koʻp ekan. Ajdodlardan meros guldek hunarlarni asrab kelayotgan xalqingizga har qancha rahmat aytsa arziydi.
Indersen Veneachatellum, Fransiya:
– 2004-yilda oʻzbek hunarmandi tomonidan tayyorlangan gilamchilikning eng jajji nusxasi – qoʻl telefoni gʻilofini oʻz yurtimga olib ketgan edim. Ancha urinib qoldi, lekin hamon oʻzim bilan olib yuribman, chunki bu hunarmandchilik, qoʻl mehnatining nodir mahsuli. Ushbu festivaldan, Qoʻqondan ham mana shunday ajoyib esdalik buyumini olib ketib, ardoqlab yurish niyatidaman.
Kim YONG, Janubiy Koreya:
- Festivalga paxtadan toʻqilgan tabiiy matolar, dengiz mahsulotlarini olib kelganmiz. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar hunarmandchilik sohasidagi hamkorlik koʻlamini ham jadal rivojlanishini taʼminlayotgani quvonarlidir. Ishonamizki, ikki yurt hunarmandlarining samimiy hamkorligi tobora ravnaq topib boraveradi.