Qoʻlimni fashistlarga berganman...
Zabardast rejissyorimiz Zulfiqor Musoqovning “Kichkina tabib” badiiy filmini oynai jahon orqali koʻp bora tomosha qilganmiz.
Gʻalabaning 75 yilligiga
Zabardast rejissyorimiz Zulfiqor Musoqovning “Kichkina tabib” badiiy filmini oynai jahon orqali koʻp bora tomosha qilganmiz. Xalqona ishlangani uchunmi, yana koʻrgimiz kelaveradi. Asarda bosh qahramon kichkina tabib va urush azobu uqubatlarini boshdan kechirgan moʻysafid cholning suhbati bilan bogʻliq kichik epizod bor. Jangu jadallarda qon kechib, oxir-oqibat bir qoʻlidan ayrilgan keksaning yuz-koʻzidagi hasratlari tomoshabinni bir lahza boʻlsa-da, oʻyga toldiradi.
Rosti, oʻzim ham filmning shu joyini halovat bilan koʻrolmayman. Koʻzim oldiga katta jussali, soch-soqoli oppoq, chehrasi nurga toʻla, boshida doʻppi-yu, yaktagining bir yengiga kesilgan qoʻlini yashirib yuradigan katta bobom kelaveradi...
Alamim bor...
Kamina otamning bobosini koʻrgan, ularning tarbiyasini olgan baxtli avlod vakillaridan. Xolmuhammad bobom 1903-yil Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Arabxona qishlogʻida tugʻilgan. Buvimning aytishlaricha, ular oilada uch oʻgʻil boʻlishgan. “Tuzumda bor alamim ...” deymi yoxud boshqacha taʼriflasammi, bobomning ismlari oʻsha zamonning zayli bilan hujjatlarda Xol tarzida, tavallud topgan yillari esa 1906-yil, deb yozilib ketgan. Yoshlikdan halol mehnatdan rizq topib umrguzaronlik qilgan bobom qishlogʻimizdan Sharifa ismli qizga uylanib, toʻrt qiz va bir oʻgʻilni voyaga yetkazishadi.
Bolalik xotiralari juda shirin. Gohida yaqin ikki-uch yil burungi voqealarni esdan chiqarib qoʻysak-da, bolalikning shoʻx-shodon kunlari xotiramizda mangu muhrlanib qoladi. Ularni maroq bilan eslaymiz. Oʻsha damlar haqida xayol sursam, bobom bilan oʻtkazgan kunlarim, yulduzlar charaqlagan osmonga termulib ulardan eshitgan ertaklarim yodimga tushaveradi. Bobom tabiatan kamgap, kamtarin, mehnatkash, juda beozor va savodli inson edilar. Ayniqsa, nevara-yu, evaralarini juda yaxshi koʻrardilar. Yoshlari saksondan oshgan, nogiron boʻlishlariga qaramay, bir qoʻllaridan oʻroq, tokqaychi, hatto, ketmon tushmasdi. Oftobadan oʻzlari suv qoʻyib, qoʻllarini yuvardilar. Kimdir yugurib yordamga oshiqsa, hech unamasdilar. Roʻzgʻor yumushlaridan ortib, bir zum tin olgan paytlari biz toʻpolonchilarning erkaliklarini “koʻtarish” ham ularning zimmasida edi. Nevara va evaralardan eng kattasi boʻlganim uchunmi, kaminani hammadan koʻproq suyardilar. Oyoq yalang, tomdan-tomga sakrab, oʻyinqaroqliklar qilib hovlini boshga koʻtargan paytlarimiz koʻp boʻlardi. Xurmacha qiliqlarimizdan sabr kosasi toʻlgan buvim koyishni boshlasalar, bobom darhol yonimizni olardilar. Bundan behad sevinib, yana davom etardik.
Nooʻrin savol
Yillar shu zayl oʻtib, maktabga ham qadam qoʻydim. Shoʻxliklar bosilib, yurish-turishimda oʻsmirlik alomatlari kurtak yoza boshladi. Ulgʻayganimiz sari bobom kitob oʻqish, bilim olish, mehnatsevarlikning foydasi, vaqtni behuda oʻtkazmaslik haqida koʻp pand-nasihat qilardilar. Ular bilan xuddi doʻstdek gaplashardim. Biror nojoʻya ish qilsam, xatti-harakatimning qanday oqibatlarga olib kelishini hayotiy misollar bilan tushuntirardilar. Esimda. Bir gal: “bobojon, chap qoʻlingizga nima boʻlgan?” deb soʻraganimda, bobom salobatli qoʻllari bilan boshimdan silab, “buni ulgʻayib, oʻzing bilib olasan”, degandilar. Toʻgʻrisi, ularning javobidan biroz ranjigan boʻlsam-da, yillar oʻtib bu gapning asl magʻzini anglaganday boʻldim. Mening oʻsha savolim bobom uchun eng xunuk xotiralarni yodga solishini qayerdan bilibman, deysiz. Oʻsha mashʼum urush asoratlari millionlab vatandoshlarimiz qatori bobomning taqdirida ham oʻchmas iz qoldirganini keyinchalik Nasullo bobom xotiralaridan bilib oldim.
“Urushgacha otam maktabda oʻqituvchilik qilgan ekanlar, – deya eslaydi Nasullo bobom. – Toʻsatdan fashistlarning hujumi haqidagi xabar qishloqqa tarqaladi. Avval yoshlar, keyinroq yoshi kattaroq erkaklar ham urushga safarbar etiladi. Otamni ham 1942-yili frontga joʻnatishadi. Sharifa onam opalarim Maryam, Sanamxon va men bilan yolgʻiz qoladilar. Oʻshanda ikki yoshli goʻdak boʻlganman. Urush tufayli xalqning turmushi battar ogʻirlashib, tinka-madori quriydi. Yoshi ulugʻlar, ayollar va bolalar frontorti uchun tinmay mehnat qilishadi. Onam kolxoz dalalarida ishlab, roʻzgʻor tebratgan ekanlar. Koʻp oʻtmay, otam nogironlik bilan oilamiz bagʻriga qaytadilar”.
Oilamiz vijdoni edilar
Urushdan soʻng Xolmuhammad bobom qishloq xoʻjaligining turli jabhalarida masʼul lavozimlarda ishlaganlar. Ammo qayerda boʻlmasin, doim halollik va fidoyilikni umr mezonlari deb bilganlar. Shu bois, qishlogʻimizdagi yoshu qari bobomni juda hurmat qilgan. Mahalla-koʻyning toʻyu-maʼrakalarida bobom albatta qatnashardilar. Esimda, oʻsha zamonning toʻylari hovlida oʻtkazilar va darvozadan kiraverishdagi moʻtabar joyda keksalar uchun joy qilinardi. Toʻy egalari nuroniylardan duo olgandan soʻng tadbirni boshlardi. Oʻylab qarasam, xalqimizga xos bu anʼananing ham katta maʼnaviy-tarbiyaviy ahamiyati bor ekan.
Oilamiz katta edi. Ulkan hovlida bobo va buvilarim, otam, amakilarim, kelinlar va nevara-evaralar hamjihatlikda yashardik. Baʼzan roʻzgʻorda boʻladigan mayda-chuyda dilxiraliklarni bobom “ichkarining gapi tashqariga chiqmasin” qabilida bosiqlik, adolat bilan hal qilardilar. Ularning aytgan bitta gaplari hammamiz, katta-yu kichik uchun mustahkam qonun edi. Men ularning timsolida suyukli, mehribon bobo, oilamizning haqiqiy qoʻrgʻoni va vijdonini koʻrardim. Hech yodimdan chiqmaydi. Har yilning yozi uyimiz gavjum boʻlardi. Toshkentu Buxoroning har yeridan qarindosh-urugʻlar kelib, haftalab, hatto, oylab mehmon boʻlishardi. Bobom va buvim atrofida jam boʻlib, xursandchilik qilardik. Bunday damlarda ularning chehrasida koʻrgan chinakam quvonchni soʻz bilan ifodalash qiyin.
Urushning bir kuni ham urush
Darvoqe, qishlogʻimizning nuroniy otaxonlari, bobomning safdoshlari, doʻstlari fursat tugʻildi deguncha biznikida yigʻilardi. Hovlimizning soya-salqin joyida bir piyola choy ustida qizgʻin gurung boʻlardi. Biz kichiklar galma-galdan choy tashirdik. Menga ularning suhbatidan ham koʻksidagi qator ordenu medallari qiziq tuyulardi. Bolamizda, baʼzan “hassada munkayib yuradigan chollar medallarini uyda qoldirib kelsa, boʻlmasmikin”, deya hayratomuz boqardim. Ammo yoshimiz oshib, aqlimiz toshganda bildimki, gʻijimgina kostyumda osilib turgan shoda-shoda ordenu medallarning ortida ne-ne zahmatlar, bedor va behalovat tunlar bor ekan! Ona Vatanining bir siqim tuprogʻini muqaddas bilib jangga kirgan, soʻnggi oʻtinch ila urushga kuzatgan yaqinlarining diydori uchun oʻlimga tik boqqan jasur bobolarimizning mardligi, shijoati va matonati hosili ekan bu! Ha, keksalarimiz urushning bir kuni ham urush, deya bekorga aytishmaydi.
Ushbu maqolani yozishdan oldin oilamiz yaqinlarining xotiralari bilan ham qiziqdim. Togʻam, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Nodir Gʻafforov oʻquvchilik yillarini yodga olib, bir voqeani soʻzlab berdi. 1986-yil qishlogʻimizdagi Sadriddin Ayniy nomli oʻrta taʼlim maktabida faol oʻquvchilardan iborat “Iztoparlar” tashabbuskor guruhi tashkil etiladi. Unga maktab direktorining oʻrinbosari, rus tili va adabiyoti oʻqituvchisi Hamid Husenov yetakchi etib tayinlanadi. Oʻquvchilar darsdan boʻsh vaqtlari atrofdagi qishloqlardan Ikkinchi jahon urushi yoki frontortida xizmat qilgan faxriylar holidan xabar olib, ularning koʻrgan-kechirganlari haqida xotiralarni yozib olishadi. Oʻsha yillari oʻquvchilarning saʼy-harakati bilan Arabxona, Dodbogʻni, Qumbosdi qishloqlaridagi oʻnlab urush qatnashchilari haqida qizqarli maʼlumotlar toʻplanadi. Shular qatori bobomning xotiralari ham koʻp yil maktabimiz muzeyida saqlanadi. Taassufki, bu izlanishlar mevasining keyingi taqdiri menga nomaʼlum.
Xolmuhammad bobom uzoq umr koʻrib, toʻqson yoshda vafot etdilar. Lekin ulardan biz uchun odamiylik, rostgoʻylik, halol mehnat qilib, yaxshi nom qoldirish singari ezgu amallar meros boʻlib qoldi. Gohida, miyamning bir chetini “bobom tirik boʻlganlarida unday qilardim, buni soʻrardim, yonlaridan hech jilmay duolarini olardim”, qabilida nadomat toʻla fikrlar chulgʻab oladi. Ammo ularning muborak nomlari avlodlarining xayrli ishlari bilan mudom barhayot ekanligi qalbimga taskin beradi.
Insoniy burchimiz
Darvoqe, yaqinda Ikkinchi jahon urushi yillari bobomning qayerlarda boʻlganlari, qaysi frontda jang qilganlari haqida yanayam koʻproq maʼlumot izlashga harakat qildim. Shofirkon tuman mudofaa ishlari boʻlimi arxivida bobomning 1942-43 yillar urushda qatnashganlari haqidagi hujjat bor ekan, xolos. Bunga qanoat qilmay, internet tarmogʻi orqali qoʻshimcha maʼlumotlar izlashga tushdim. Dastlab, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining markaziy arxivida bobomning birinchi darajali “Ulugʻ Vatan urushi” ordeni bilan taqdirlanganlari qayd etilgan. Biroq qoʻllarining qayerda yaralangani va boshqa medallari haqida deyarli maʼlumot uchratmadim. Mayli, bu ham oʻsha davrning xatosidir. Boshqa manbadagi yana bir maʼlumot (ayrim chalkashliklarni hisobga olmaganda) esa eʼtiborimni tortdi. Bobom 233-oʻqchi diviziyada Vengriya zaminida fashistlarga qarshi kechgan janglarda qatnashgan ekanlar (!). Bu shunchaki arxiv materiallari, xolos. Ammo Ikkinchi jahon urushi insoniyat boshiga mislsiz kulfatlar olib kelgani, millionlab odamlarning taqdirini butunlay oʻzgartirib yuborgani ayni haqiqat. Urush tufayli minglab yurtdoshlarimiz halok boʻldi, koʻpi bedarak yoʻqolib, uyiga qaytmadi, yana bir necha yuz ming nafari nogiron boʻlib qoldi. Bu insonlar kimlarningdir otasi, yana birovning bobosi, doʻstu yori yoki hamqishlogʻi edi.
Biz ajdodlarimizga munosib voris sifatida ularning xotirasini mangu yod etishimiz, bobolarimiz koʻrsatgan jasoratdan faxr-iftixor hissini tuyishimiz shart. Shunda nafaqat tarix oldidagi, balki insoniylik burchimizni ham ado etgan boʻlamiz.
Jamshid XOLOV,
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi
xodimi, katta leytenant.