Qiziltepada yirik korxonalar ko‘paymoqda
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida mahalliy ishbilarmonlarning tashabbus va loyihalari qo‘llab-quvvatlanishi tufayli so‘nggi yillarda ishlab chiqarish sohasida 10 dan ortiq yirik korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, «Toshrabot tekstil» tikuvchilik fabrikasi, «Oq oltin kapital servis» mas’uliyati cheklangan jamiyatning sement ishlab chiqarish zavodi, «Yangi asr» fermer xo‘jaligi negizida chorvachilik kompleksi va sutni qayta ishlash zavodi, «Adiz bobo» fermer xo‘jaligi qoshida issiqxona va chorvachilik kompleksi barpo etilib, ularda 700 nafardan ortiq kishi bandligi ta’minlandi. 2016-2020 yillarni tahlil qiladigan bo‘lsak, tumanda amalga oshirilgan maqsadli dasturlar va iqtisodiy loyihalarning ijrosi natijasida qariyb 20 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.
[gallery-1739]
Jumladan, «Yangi asr» fermer xo‘jaligining sutni qayta ishlash zavodida "Sof in" brendi ostida ishlab chiqarilayotgan 20 dan ortiq sut va sut mahsulotlari bugun viloyat aholisining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirmoqda. Zavod soatiga 5 tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, unda 60 dan ortiq ishchi mehnat qilmoqda. Bundan tashqari naslli qoramollar parvarishlanayotgan mazkur fermer xo‘jaligi nafaqat viloyat, balki respublikadagi eng namunali, iqtisodiy salohiyati yuqori bo‘lgan xo‘jaliklardan hisoblanadi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA