“Qizilqum” “Mash’al”ni mag‘lub etdi
Navoiy shahridagi “Yoshlik” o‘yingohida Superliganing 12-turida “Qizilqum” Muborakning “Mash’al” jamoasini qabul qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Dastlabki daqiqalardanoq mezbonlar maydonga faqat g‘alaba qozonish maqsadida tushganini isbotladi. Uchrashuvning 11-daqiqasida Baydullayevning burchakdan uzatgan to‘pini Vatsadze boshi bilan mehmonlar darvozasi tomon yo‘naltirdi, ammo to‘p to‘singa tegib qaytdi.
Mehmonlar ham hujumga hujum bilan javob qaytardi. Samuel Ononivu Chigoze tomonidan berilgan zarba esa noaniq ketdi.
O‘yinning 19-daqiqasiga kelib hisob o‘zgardi, 1:0. “Qizilqum”ning tajribali yarim himoyachisi jarima to‘pidan unumli foydalanib, raqib darvozabonini dog‘da qoldirdi. Bu Baydullayevning ketma-ket to‘rtta o‘yinda urgan 4-goli bo‘ldi.
29-daqiqada mehmonlar o‘z jarima maydoni ichida Salim Mustafoyevga nisbatan qo‘pollik ishlatdi. Raqib darvozasi tomon belgilangan penaltini esa Elguja Grigalashvili aniq bajarib, hisobni oshirdi – 2:0.
Goldan keyin har ikkala jamoa o‘yinchilarida ham qulay imkoniyatlar bo‘ldi. Ammo ayrim vaziyatlarda darvozabonlarning mahorati, ayrim vaziyatlarda esa hujumchilarning noaniq harakati bois o‘yin oxiriga qadar hisob o‘zgarmasdan qoldi.
Ushbu g‘alabadan keyin “Qizilqum” ochkolari sonini 20 taga yetkazib, turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA