Qizil tog‘ chiqindilardan tozalandi
Qizil tog‘ bag‘ridagi keng adirliklar, ko‘kka bo‘y cho‘zgan qoyalar, ona tabiat quchog‘iga singib ketgan toshlarni erkalab bo‘y ko‘rsatgan maysalar hozir ko‘plab sayyohlarni jalb etmoqda.
Ayniqsa, dam olish kunlari bu joylar doimo gavjum. Shuni e’tiborga olib, tabiatni sof holda saqlash, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi va Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda plogging aksiyasi tashkil etildi.


Mazkur aksiya davomida faol yoshlar, mahallalardagi yoshlar yetakchilari hamda volontyor yoshlar ishtirokida tog‘ etaklari, adirliklar chiqindilardan tozalandi. Aksiya ishtirokchilari tomonidan ona tabiat bag‘ridan 1 tonna 625 kilogramm chiqindi olib chiqildi hamda saralanib, maxsus qoplarga joylandi. Ular utilizatsiya uchun belgilangan punktga yuborildi.


Tadbirda faol ishtirok etganlarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi. Shu bilan birga, yashil dalalar qo‘ynida dam olgani borgan oilalar farzandi bilan birga nihollar ekdi.


– Fuqarolarda ekologik madaniyatni shakllantirish, ko‘chatlar ekish orqali ekologiyani yaxshilash maqsadida mahalliy sayyohlar ishtirokida katta yo‘l yoqasi bo‘ylab mevali va manzarali nihollar ham ekildi. – deydi Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov. – Muhimi, bu sa’y-harakatlarga bosh qo‘shgan, biz bilan birgalikda faol bo‘lganlar juda ko‘p.


Tadbir doirasida so‘lim tabiat, yashil kengliklar uzra varrak uchirish sayli ham bo‘lib o‘tdi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri