Qishloq xo‘jaligi sohasidagi navbatdagi qadam
Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasida ilk marotaba qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazishning istiqboldagi rejalari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ekspertlari, Davlat statistika qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi. Anjumanda FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi statistika bo‘yicha mutaxassisi Georgiy Kvinikadze mamlakatlarning qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha tajribasi xususida taqdimot qildi.
Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi vakili Humoyun O‘razbekov ishtirokchilarni ushbu sohada mamlakatimiz me’yoriy-huquqiy bazasi va qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish bosqichlari bilan tanishtirdi. Sinov tariqasida ro‘yxatdan o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va bu borada respublika, hududiy komissiyalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, jalb etilgan boshqa vazirlik va idoralarga yuklatilgan vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shuningdek, asosiy qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha keyingi rejalar muhokama qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 26 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi sohasida statistik ma’lumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2024 yilda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida asosiy ro‘yxatdan o‘tkazish tashkil etiladi. Bu boradagi vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi hisoblanadi.
Tadbirlarning xalqaro standartlarga javob berishini ta’minlash maqsadida FAO “Sinov tariqasida qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qo‘llab-quvvatlash” loyihasini qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi. Mazkur loyihaning maqsadi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi statistikasi tizimini takomillashtirish va Davlat statistika qo‘mitasi xodimlarini qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha dala ishlarini olib borishga o‘rgatishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, 1-31 avgust kunlari Toshkent viloyatining Parkent va Samarqand viloyatining Jomboy tumanlarida sinov tariqasida qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish ilk bor tashkil etilgandi. O‘shanda FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi statistika bo‘yicha mutaxassisi Georgiy Kvinikadze ham ishtirok etgan va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish uchun ishlab chiqilgan anketalarni takomillashtirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bergan edi.
Bundan tashqari, FAO tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA