Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti sohasiga xususiy sektor kengroq jalb etiladi
Qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish, kooperativ a’zoligiga qabul qilish, nazorat qilish, tashqi audit, boshqarish, qayta tashkil etish va tugatish borasidagi, shuningdek, davlat va kooperativlar o‘rtasidagi munosabatlar tartibga solinmoqda.
Bu “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.
Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi majlisida mazkur qonun muhokama qilindi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish sohasiga xususiy sektorni jalb etish, bu borada tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, karantin ostidagi mahsulotni O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish, mahsulot fumigatsiyasi bo‘yicha tartib-taomillarni yanada soddalashtirish, ushbu faoliyatni amalga oshirishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan Vazirlar Mahkamasi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining o‘simliklar karantini sohasidagi vakolatlari kengaytirilmoqda. Xususan, eksport qilinadigan karantin ostidagi mahsulotlarning fumigatsiyasi faoliyatini litsenziyalash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilayotgan karantin ostidagi mahsulotning fumigatsiyasi bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berish O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi vakolatiga kiritilmoqda.
Qonunda mineral o‘g‘itlarning va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha faoliyatni hamda O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilayotgan karantin ostidagi mahsulotning fumigatsiyasi bo‘yicha faoliyatni litsenziyalaganlik uchun davlat boji miqdorlari belgilanmoqda.
Muhokama yakunida ko‘rib chiqilgan qonunlar yuzasidan senatorlar hamda majlis ishtirokchilari tomonidan qator fikr-mulohazalar bildirilib, qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Qo‘mita tomonidan qishloq xo‘jaligida norasmiy bandlikni kamaytirish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash hamda bartaraf etish choralari yuzasidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari kotibiyati mudirlari hamda Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raislari ishtirokida seminar ham o‘tkazildi.
Unda ishtirokchilar tomonidan agroklasterlar, fermer, dehqon xo‘jaliklari tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida aholini doimiy va mavsumiy ishlarda daromadli mehnat bilan band qilishda yuzaga kelayotgan muammolar sabablari chuqur tahlil qilinib, ularni hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish lozimligi aytib o‘tildi.
G‘alladan bo‘shagan ekin maydonlarini ishsiz, shu jumladan, xorijda ishlab qaytgan fuqarolarga takroriy ekin ekish uchun ajratish ishlarini jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Seminar yakunida qishloq xo‘jaligi sohasida ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash hamda sohada norasmiy bandlik ulushini qisqartirish bo‘yicha xulosa va takliflar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA