Qirg‘iziston Prezidenti bilan uchrashuv
Bishkek shahriga amaliy tashrif bilan borgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov tomonidan qabul qilindi.
Vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga yo‘llagan maktubini topshirdi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabat rivoji haqida fikr almashdilar.
Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda shakllangan xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik muhitini yanada mustahkamlash zarurligi e’tirof etildi.
Qayd etilganidek, bugun dengiz portlariga va yangi tashqi bozorlarga eng qisqa yo‘l ochadigan transport yo‘laklari tizimini shakllantirish uchun keng imkoniyat yaratilmoqda. Bu, o‘z navbatida, mintaqalararo savdo-sotiq jadallashuvi, tranzit yuk tashuvi ortishi, xom-ashyo, asbob-uskuna va tayyor mahsulotlar tashish narxi pasayishiga xizmat qiladi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
O‘zA