Qirg‘iziston bayrog‘i shakli qisman o‘zgaradi
“Kabar” axborot agentligi xabar berishicha, Qirg‘iziston parlamenti deputatlari respublika bayrog‘i dizaynini qisman o‘zgartirish taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Davlat ramzi shakliga o‘zgarish kiritish qarorini ikkinchi va uchinchi o‘qishda 59 deputat yoqladi. Besh nafar noib qarshi ovoz berdi. Avvalroq qonun loyihasi Qirg‘iziston parlamentining tegishli qo‘mitasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi.

Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Shakiyev va deputat Ulan Primov tashabbusi bilan ilgari surilgan loyiha davlatning asosiy ramzlaridan biri – Qirg‘iz Respublikasi bayrog‘i tasvirini takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, tug‘dagi to‘lqinsimon nurni quyosh nurini aniq ifodalovchi shaklga keltirishni nazarda tutadi.