Qidiruvda bo‘lgan otalar topildi
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi qarzdor N.No‘monov sudning 2016 yil 14 noyabrdagi qaroriga asosan undiruvchi I.Ramazonovaga bir nafar voyaga yetmagan farzandi moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashi lozim.
– Qarzdor N.No‘monov 42 million so‘m aliment to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlab, yashiringan, – deydi Byuroning Buxoro viloyati boshqarmasi qidiruv inspektori Jasurbek Bozorov. – Qidiruv natijasida ushlandi. Unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudining ochiq sud majlisida huquqbuzar N.No‘monovga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47 prim 4-moddasi bilan 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Xuddi shunday, qarzdor Q.Hamroyev sobiq turmush o‘rtog‘i N.Boltayeva foydasiga 29 mln. 577 ming so‘m, qarzdor U.Toshev undiruvchi M.Muqimova foydasiga 2 mln. 939 ming so‘m, qarzdor M.Djumayev sobiq turmush o‘rtog‘i N.Xabibova foydasiga 6 mln. 767 ming so‘m Kogon shahrida yashovchi qarzdor A.Boymurodov sobiq turmush o‘rtog‘i F.Xudoyorova foydasiga 39 mln. 315 ming so‘m, qarzdor J.Makulov sobiq turmush o‘rtog‘i Sh.Ergasheva foydasiga 20 mln. 637 ming so‘m, Shofirkon tumanida yashovchi qarzdor M.Xalloqov turmush o‘rtog‘i L.Ziyodulloyeva foydasiga 4 mln. 928 ming so‘m aliment to‘lovlarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovladi. Natijada qidiruvda bo‘lgan ushbu qarzdorlar ham ushlanib, sudning qarori bilan ma’muriy qamoq jazosiga tortildi.
Aliment majburiyatini bajarmaslik muqarrar javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ammo tayinlangan jazo otalarni aliment qarzdorligini to‘lashdan aslo ozod qilmaydi.
Zarif Komilov, O‘zA