Qayta ishlash korxonasi ishga tushdi
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi Cho‘lquvar mahallasida dukkakli mahsulotlarni qayta ishlash korxonasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Arnasoy tuman hokimi O.Musanov, viloyat prokurori B. Ibrohimov, viloyat hokimining o‘rinbosari Z. Ro‘ziyev, “BMB HoldIng ” kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi B. Mamatqulov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samarasi tufayli ko‘plab yangi korxonalar o‘z faoliyatini boshlayotgani, bu esa aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi.
Viloyatning Arnasoy tumanida faoliyat yuritayotgan “BMB HoldIng” tarkibidagi “BMB Agro” korxonasi asosan qishloq xo‘jaligi va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashgan bo‘lib, kompaniya tomonidan sohaga zamonaviy texnologiyalar va ilmiy yondashuvlar joriy etilayotganligi bugungi kunda hosilning sifati va miqdoriga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Holding tomonidan uzoq yillar davomida foydalanilmagan, sho‘rxok va kamsamara beradigan yerlar o‘zlashtirilib, qayta tiklash ishlari olib borildi. Ilmiy asosda amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar natijasida ushbu yerlarda so‘nggi yillarda paxtadan gektariga 30-35 sentner, g‘alladan esa 70–80 sentnergacha hosil olinmoqda.
[gallery-23432]
Korxonaning faoliyati faqat don va paxta yetishtirish bilan cheklanmay, dukkakli ekinlar hamda poliz mahsulotlari: mosh, loviya, no‘xat, tarvuz, qovun, qovoq hamda boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ham o‘z ichiga oladi.
Yetishtirilgan mahsulotlar xalqaro talablarga muvofiq tozalanadi, rang va hajmiga qarab (kallibrlanadi) saralanadi, tekislanadi, so‘ng qadoqlanadi va xorijiy mamlakatlarga eksport qilinadi. Albatta, ma’lum bir qismi ichki bozorga ham yetkazib beriladi, qolganlari esa “BMB ” tizimidagi boshqa korxonalarga qayta ishlash uchun yuboriladi.
“BMB HoldIng ” tizimidagi klaster, kompaniya tarkibidagi korxonalar va hududdagi dehqon, fermer hamda tomorqa xo‘jaliklari bilan birgalikda Arnasoy tumanidagi 50 gektar yer maydoniga nav sifati yuqori bo‘lgan pomidor, 5 ming gektar yer maydoniga mosh, 2 ming gektarga loviya kabi dukkakli, 1 ming 500 gektarga qovun va boshqa poliz mahsulotlari kontraktatsiya shartnomasi asosida ekilib, yetishtirilgan mahsulotlar Yevropaning Latviya va Polsha davlatlariga, dukkakli mahsulotlar esa asosan Xitoyga eksport qilinmoqda.
Yil boshidan to bugungi kunga qadar jami 2 million 400 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar xorijga eksport qilingan bo‘lsa, yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkichni 10 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
“BMB agro” tarkibidagi dukkakli mahsulotlarni qayta ishlash korxonasining yillik quvvati 65 ming tonnani tashkil qilib, unga Turkiya va Xitoy davlatidan keltirilgan, umumiy qiymati 6 milliard 500 million so‘m bo‘lgan zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilgan.
“BMB HoldIng” o‘z faoliyatida innovatsion va ilmiy yondashuv, samarali boshqaruv va barqaror rivojlanish asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan bo‘lib, aholi bandligini ta’minlash, insonparvarlik va mehr-muruvvat kabi xalqimizga xos azaliy an’analarga alohida e’tibor qaratib keladi.
Tadbirning ikkinchi qismida arnasoylik kam ta’minlangan oilalarning 50 nafar farzandi sunnat to‘yi ham o‘tkazib berildi.
Bolalar va ularning ota-onalari uchun bayram dasturxoni yozilib, har bir to‘ybola uchun Holding kompaniyasi tomonidan bankdan omonat ochilib, hisob raqamlariga pul tushirib berildi. Qimmatbaho velosipedlar in’om etilgani bolajonlarni, ularning ota-onalarini ham birdek xursand qildi.
Muxtasar qilib aytganda, kompaniya kelgusida yer maydonlarini yanada kengaytirish, mahsulot turlarini, eksport hajmini va ish o‘rinlarini bundanda oshirish, shuningdek, saxovat tadbirlarini ham muntazam o‘tkazib borishni maqsad qilgan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari