Qattiq yoqilg‘i ishlab chiqarish kengaymoqda
“O‘zekspomarkaz”da geologiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati kompleksining tarmoq sanoat yarmarkasi doirasida “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
“O‘zekspomarkaz”da geologiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati kompleksining tarmoq sanoat yarmarkasi doirasida “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida asosiy yoqilg‘i resurslaridan biri bo‘lgan ko‘mir qazib olish sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati investitsiyaviy salohiyatini oshirish, soha korxonalarini modernizatsiya qilish va sanoat kooperatsiyasi rivojlanishida yuqori ko‘rsatkichlarga erishilayotgani ta’kidlandi.
Ko‘mir qazib olish mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib, aniqlangan ko‘mir zaxiralari 1,8 milliard tonnadan ziyodni tashkil etadi.
Buguni kunda “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Angrendagi ko‘mir koni va Surxondaryo viloyatidagi Sharg‘un va Boysun ko‘mir konlarida ko‘mir qazib olish ishlari olib borilmoqda. Ushbu konlardan yiliga 4,5 million tonna qattiq yoqilg‘i qazib olinib, mahsulotning 85 foizi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalarga yetkazib berilmoqda. Shuningdek, sanoat korxonalari, ijtimoiy va kommunal soha, aholining ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmoqda.
«O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyatidan ma’lum qilishlaricha, 2012-2018-yillarga mo‘ljallangan ko‘mir qazib olish va sotish hajmini oshirishda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha dastur muhim ahamiyat kasb etayotir. Dasturga muvofiq 2018-yilgacha ko‘mir qazib olish hajmini 2,5-marta oshirish ko‘zda tutilgan.
«O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyatining investitsiyaviy faoliyati davlatimiz rahbarining 2014-yil 17-noyabrdagi 2015-yilga mo‘ljallangan investitsiyaviy dastur to‘g‘risidagi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6-iyundagi «2013-2018-yillar davrida ko‘mir sanoati korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda uni muvozanatli rivojlantirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori bilan belgilangan bo‘lib, ushbu hujjatlarga muvofiq oltita investitsiyaviy loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ushbu loyihalar ishlab chiqarish hajmining ortishiga, tarmoqdagi ma’nan va jismonan eskirgan texnika vositalarini yangilari bilan almashtirish, jamiyat ishlab chiqarish quvvatini oshirish hamda ma’lumotlarni uzatish bo‘yicha korporativ tarmoq va markazlashtirilgan dispetcherlik nazoratiga ega avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish imkonini beradi. Jumladan, 2015-2018-yillarga mo‘ljallangan «Sharg‘unko‘mir» konini modernizatsiya qilish loyihasining hayotga tatbiq etilishi natijasida ishlab chiqarish quvvati yiliga 900 ming tonnagacha yetkaziladi.
Aholi o‘rtasida ko‘mirga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq va uzluksiz qondirish maqsadida hududiy distribyuterlik markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan shunday markazlarda foydalanishda qulay va ixcham ko‘mir briketlari ishlab chiqaradigan korxonalar tashkil etilayotgani aholi ehtiyojlarini qondirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish, boshqaruv tizimini rivojlantirish, ko‘mir qazib olish va texnologik transportni takomillashtirish, yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona foydalanishda import o‘rnini bosadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish muhim o‘rin tutmoqda.
Hozirgi kunda ko‘mir qazib oluvchi korxonalarning talabidan kelib chiqib, mahalliylashtirish dasturiga muvofiq tog‘ transporti, tog‘-kon uskunalari uchun ehtiyot qismlar va metall konstruksiyalari ishlab chiqarish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. So‘nggi yillarda bu borada birmuncha ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, 2012-yilda 175 turdagi ehtiyot qismlar, metall konstruksiyalarni ishlab chiqarish mahalliylashtirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 208 tani tashkil etib, mahalliylashtirilgan mahsulotlarni tayyorlash va sotish hajmi qariyb 1,5 milliard so‘mga yetdi.
Soha korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi munosabatlari ham tobora rivojlanmoqda. Agar 2007-yilda 8 korxona bilan 1 milliard 128 million so‘mlik shu turdagi shartnoma imzolangan bo‘lsa, 2015-yilda mahalliy korxonalar bilan 27,4 milliard so‘mlik kooperatsiya bitimlari tuzildi. Bu tarmoqda import hajmining qisqarib borishiga xizmat qilmoqda.
Ko‘mir qazib olish jarayonida qazilmalarni ochib olish usulining rivojlanishi yo‘l-yo‘lakay uchraydigan boshqa foydali qazilmalar, jumladan, chinnigil, ohaktosh, shag‘alli toshqotishma singari qurilish xomashyolarining ulkan zaxiralari mavjudligini ko‘rsatmoqda. Ushbu xomashyoni qurilish sanoati korxonalari bilan hamkorlikda o‘zlashtirish «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyatining istiqbolli rejalaridan hisoblanadi.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati barqaror rivojlanib borayotgan sanoatimizning yetakchi tarmoqlaridan biri sifatida mamlakatimiz yoqilg‘i-energetika sohasida salmoqli o‘rin tutmoqda.