Qatag‘on qurbonlari xotirasi — tarixiy adolat va milliy xotira sabog‘i
Ba’zi sukutlar bor — oradan qancha yillar o‘tmasin, ularning og‘irligi kamaymaydi. Ba’zi ismlar bor — yillar davomida tilga olinmagani bilan xalq xotirasidan o‘chmaydi. Ba’zi taqdirlar bor — bir insonning emas, butun millatning boshidan kechirgan fojiasini o‘zida mujassam etadi. Qatag‘on qurbonlari tarixi ana shunday og‘riqli sahifalardan biridir.
O‘tgan asrning 20–50 yillarida sobiq sovet tuzumi doirasida amalga oshirilgan siyosiy qatag‘onlar O‘zbekiston hayotida ham chuqur iz qoldirdi. Ayniqsa, 1937–1938-yillardagi ommaviy qatag‘onlar xalqimizning siyosiy, ilmiy, adabiy-madaniy va ma’naviy hayotiga katta talafot yetkazdi. Bu jarayonda davlat va jamoat arboblari, ziyolilar, ulamolar, ijodkorlar, dehqonlar, ishchi-xizmatchilar va boshqa ijtimoiy qatlam vakillari turli ayblovlar bilan ta’qib qilindi.
Qamalgan ota, farzandlaridan ayrilgan ona, otasining ismini yillar davomida sir tutishga majbur bo‘lgan bola, asarlari taqiqlangan adib, minbardan uzoqlashtirilgan ulamo, o‘z yurtida «xalq dushmani» tamg‘asiga duchor bo‘lgan ziyoli — qatag‘on tarixining haqiqiy qiyofasi ana shunday taqdirlarda namoyon bo‘ladi.
Raqamlar tilga kirganda
1937-yil 30-iyulda SSSR Ichki ishlar xalq komissari N.Yejov imzosi bilan 00447-sonli maxfiy buyruq qabul qilingan. U «sobiq quloqlar, jinoyatchilar va boshqa sovetlarga qarshi unsurlarni qatag‘on qilish» operatsiyasini belgilab bergan.
O‘rta Osiyo respublikalarida ushbu operatsiya 1937-yil 10-avgustdan boshlangan.
O‘zbekistonda 1937-yil 10-avgustdan 1938-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda jami 10 ming 700 kishi qamoqqa olingan. Ularning 5 ming 924 nafari «sobiq quloqlar», 1 ming 679 nafari «jinoyatchilar», 3 ming 97 nafari esa «sovetlarga qarshi unsurlar» sifatida qayd etilgan. Shundan 3 ming 613 kishi otuvga, 7 ming 87 kishi 8–10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan.
Qatag‘on mashinasi faqat siyosiy faollarga qarshi emas edi. U jamiyatning ma’naviy ustunlariga ham zarba berdi. 1937-yil dekabrida «uchlik» qarori bilan hukm qilingan 3 ming 644 kishining 1 ming 464 nafari imom, eshon, mulla va boshqa diniy xizmatchilar bo‘lgani haqida ilmiy manbalarda ma’lumotlar keltiriladi.
Demak, qatag‘on siyosati natijasida nafaqat insonlar, balki ular bilan birga ilm, ma’rifat, milliy tafakkur, diniy-ma’naviy meros va jamiyatning tabiiy intellektual salohiyati ham katta yo‘qotishlarga uchradi.
Tarixga nazar tashlasak, qatag‘on qurbonlari orasida millat ma’naviy hayotida o‘ziga xos o‘rin tutgan ko‘plab siymolar borligini ko‘ramiz. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Munavvarqori Abdurashidxonov, Usmon Nosir, Fayzulla Xo‘jayev singari yurt farzandlarining taqdiri buning yaqqol dalilidir. Ularning hayoti va faoliyatida bir jihat mushtarak — ular xalqning ma’rifati, milliy ongi, taraqqiyoti va erkin fikri uchun xizmat qilgan edi.
Xotira — o‘tmishga emas, kelajakka qarash
Tarixni eslashning ma’nosi faqat o‘tmishdagi fojialarni sanab o‘tishdan iborat emas. Xotira insonni bugungi kun haqida o‘ylashga, ertangi kun oldida mas’uliyat his qilishga undaydi. Shu ma’noda qatag‘on qurbonlarini xotirlash — ularning ismlarini yodga olishdan ko‘ra kengroq tushuncha.
O‘zbekistonda istiqlol yillarida bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 31-avgust — Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanadi. «Shahidlar xotirasi» majmuasi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va uning hududiy bo‘limlari faoliyat yuritmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yilda qatag‘onga uchragan yurtdoshlarimizning har biri bo‘yicha izlanish olib borish, ularning nomlarini tiklash, hayoti va faoliyati haqida kitoblar yaratish, xotirasini abadiylashtirish muhimligini ta’kidlagan edi.
Bu yo‘nalishdagi ishlar bugun ham davom etmoqda. 2025-yil 4-noyabrda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 691-son qarori bilan 2025–2026-yillarda qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini targ‘ib etish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Hujjatda qatag‘on qurbonlarining hayoti va ilmiy merosini o‘rganish, ular haqida kitoblar tayyorlash, mahallalarda «Xotira lavhasi»ni o‘rnatish, ta’lim muassasalarida ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish kabi vazifalar belgilangan.
Ayniqsa, dasturda so‘nggi sakkiz yilda nomlari tiklangan 1,2 mingdan ziyod ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini keng yoritish vazifasi belgilangani e’tiborga molik.
Hali tiklanishi kerak bo‘lgan qancha taqdirlar bor? Biz qatag‘on qurbonlarining mashhur nomlarini bilamiz. Ammo nomi kitoblarga kirmagan, surati arxiv javonlarida qolgan, taqdiri bir oila xotirasidagina saqlangan qancha inson bor?
Shuning uchun bu boradagi tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirish, arxiv hujjatlarini ilmiy muomalaga keng kiritish, qatag‘on qurbonlarining avlodlari bilan suhbatlar o‘tkazish, ularning shaxsiy arxivlarini o‘rganish, hududlar kesimida elektron ma’lumotlar bazasini yaratish muhim.
Har bir topilgan hujjat — bir oilaning yillar davomida javobsiz qolgan savoliga javob. Har bir oqlangan inson — tarixiy adolatning tiklanishi. Qatag‘on qurbonlarini xotirlashning eng katta samarasi shundaki, biz tarixni faqat qayg‘u bilan emas, xulosa bilan o‘rganishimiz kerak.
Bugun yurtimizda tarixiy xotirani tiklash, milliy merosni asrash, ma’rifatparvar ajdodlar hayoti va ilmiy-ijodiy merosini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda muzeylar, arxivlar, ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot markazlari va ommaviy axborot vositalarining vazifasi bir-biri bilan uzviy bog‘liq.
Zero, tarixni bilgan avlod o‘zligini yaxshiroq anglaydi. O‘zligini anglagan avlod esa erkinlikning qiymatini chuqurroq his qiladi. Qatag‘on qurbonlari xotirasi shu jihatdan bizga qaratayotgan jim, ammo kuchli bir da’vatdir: hech bir millat o‘z tarixini unutmasligi kerak.
Nurillo NASRIEV,
O‘zA