Qashqadaryo: yangi marralar sari dadil qadamlar
Davlatning davlatligi, xalqning xalqligi qiyin paytlarda bilinadi, deganlari rost ekan.
2020 yil og‘ir kelishi, koronavirus balosi keltirgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozga qaramay, iqtisodiyotni tiklash va rivojlantirish, odamlar hayotini yaxshilash borasidagi ishlar bir zum bo‘lsa-da to‘xtab qolgani yo‘q. Hududlarda yangi korxonalar, turar joylar bunyod qilinmoqda.
Prezidentimiz joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida joriy yilning 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi. Shak-shubhasiz, ushbu tashrif vohada yirik loyihalarni amalga oshirish, tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish, aholi turmushi farovonligini ta’minlash borasidagi ishlarni jadal davom ettirishda yangi bosqichni boshlab beradi.
Davlatimiz rahbari viloyatga safarini Shahrisabz tumanidagi “Oqsaroy Vortex” MCHJda sintetik aralashmali ip va mato ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishdan boshlab, korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlarini, kalava ip va tayyor mato namunalarini ko‘zdan kechirdi.
Ushbu korxonaning an’anaviy ip-yigiruv fabrikalaridan asosiy farqi – bu yerda Yaponiyaning “Murates” kompaniyasida ishlab chiqarilgan Vortex texnologik uskunalari o‘rnatilgan. Bu texnologiyaning afzalligi kalava ip to‘qilayotganda tola markazlashgan aerodinamik havo bosimi orqali o‘tkaziladi. Natijada ipning tukdorligi kamayadi, sifati ortadi.
Prezidentimiz sohaning iqtisodiy jihatiga e’tibor qaratgan holda, to‘qimachilik sanoatiga oid loyihalarni uch yo‘nalishda tashkil etish kerakligini ta’kidladi. Qashqadaryoning paxta yetishtiriladigan sakkizta tumanida “Oqsaroy Vortex” namunasidagi to‘qimachilik korxonalarini tashkil etish, ularni barpo etishda arzon konstruksiyali materiallardan foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Xomashyodan – tayyor mahsulotgacha tamoyili asosida viloyatda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, buning uchun taniqli xorijiy brendlarni jalb etish, klasterlar faoliyatini tahlil etib borish yuzasidan vazifalar belgilandi. Toshkent shahri va viloyati hududidan o‘n gektar yer ajratib, “Oqsaroy Group” kompaniyasi negizida to‘qimachilik texnoparki tashkil etish va mahsulotlarning onlayn savdosini yo‘lga qo‘yish kerakligi aytib o‘tildi.
Bundan buyon O‘zbekistondagi barcha tekstil ishlab chiqaruvchilar bir joyga jamlanadigan mazkur texnoparkda ularning do‘konlari va omborlari bo‘ladi. Texnopark birinchi navbatda ishlab chiqaruvchilarga eksport masalasiga ko‘maklashadi.
Yoshlar bilan ishlashda yangi tizim joriy etiladi
Buyuk kelajak sari dadil odimlayotgan jamiyatdagi islohotlar va yangilanishlar yuksak intellektual salohiyatga ega, g‘ayratli, faol aholi qatlamiga tayanadi. Mamlakatimizdagi tub islohot va yangilanishlar jarayonida O‘zbekiston yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda dunyoga ibrat bo‘ladigan tajriba to‘plaganini xalqaro hamjamiyat ko‘rib, kuzatib turibdi. Quvonarlisi, yurtimizda olib borilayotgan yoshlarga doir davlat siyosati va uning amaliy natijalari jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Prezidentimiz Qarshi shahridagi Yoshlar markazida ham bo‘lib, qashqadaryolik yoshlar bilan ochiq muloqot qildi. Viloyatda 26 mingdan ziyod yoshlar ishsiz, tadbirkorlik rivoji mamlakatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha pastda ekanligi qayd etildi.
Yigit-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida yillik rejaga qo‘shimcha mablag‘ ajratish zarurligi ta’kidlandiki, bu yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarish, ayniqsa, bandligini ta’minlashda yaxshi samara beradi.
Hammamiz ko‘rib, kuzatib turibmiz – bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi ufq va imkoniyatlar ochish bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor etmoqda. Bundan buyon viloyatda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilib, hokimlar har haftada bir kunni yoshlar bilan ishlash kuni deb e’lon qilishi va ularning muammolari bilan shug‘ullanishi albatta, kelajagimiz egalarining orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyati bilan birga, yaratuvchanlik iqtidorini ham ro‘yobga chiqaradi. Shu jihatdan yoshlar bilan doimiy muloqot olib borgan holda, ularning bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, jamiyatning munosib a’zolariga aylanishi, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash nafaqat hokimlar, balki har bir rahbar, deputatlar faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi kerak.
Bu borada O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi muhim vazifalarni belgilab oldi. Zero, har jihatdan barkamol, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy qarashlarga ega yoshlarni tarbiyalash, ularning intellektual, ma’naviy salohiyatini, ijtimoiy faolligini oshirish partiyaning muhim vazifalaridan bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda.
2021 yil tadbirkorlikni rivojlantirish yili bo‘ladi
Viloyat faollari, mahalliy kengash deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hududning iqtisodiy-ijtimoiy holati tanqidiy tahlil qilindi. Qashqadaryo o‘zining salohiyatiga mos yashamayotganligi, mamlakatimizning ko‘pgina hududlaridan orqada qolayotgani aytib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari hududdagi irrigatsiya va melioratsiya holatini ham keskin tanqid qildi. Noto‘g‘ri sug‘orish oqibatida yerlarning 45 foizi sho‘rlangan. Ayniqsa, bu borada Muborak, G‘uzor, Nishon va Kosonda ahvol juda og‘ir. 38 ming gektar maydon foydalanishdan chiqib ketgan. Tomchilatib sug‘orish jami sug‘oriladigan maydonning bor-yo‘g‘i 2,4 foizida joriy qilingan.
Prezidentimiz bu muammolarni bartaraf etish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha zarur ko‘rsatma, taklif va tavsiyalar berdilar. 2021 yilni viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish yili bo‘lishini taklif qildilar. Bu borada manzilli ishlash uchun tuman va shaharlarga vazirlar, tarmoq va banklar rahbarlari biriktirildi. O‘z navbatida, bugungi bozor talabi va “o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqib, tumanlarni muayyan iqtisodiyot yo‘nalishlariga ixtisoslashtirish zarurligini ta’kidlandi.
Endilikda Yakkabog‘, Qamashi, Chiroqchi, Shahrisabz va Kitob tumanlari bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashtiriladi. G‘uzor va Muborak tumanlarida neft-gaz-kimyo, Chiroqchi va Dehqonobod tumanlarida qurilish materiallari bo‘yicha ko‘plab korxonalar tashkil etiladi.
Mahsulot yetishtirishda yangi tajriba ommalashtiriladi
Qashqadaryo xalqi azaldan mehnatkash, dehqonchilikning hadisini olgan, yerni yaxshi ko‘radi. Joriy yilda viloyatda 857 gektar maydonda kartoshka, 4,1 ming gektarda sabzavot,1,8 ming gektarda poliz, 8,2 ming gektarda boshqa ekinlar ekildi. 5,2 ming gektarda avgust-sentyabr piyozi va sarimsoqpiyoz yetishtirildi.
Aholi tomorqasidan jami 1,2 million tonna mahsulot olinib, shundan 169,5 ming tonnasini sabzavot, 12,2 ming tonnasini dukkakli ekinlar, 206,1 ming tonnasini poliz mahsulotlari, 102,3 ming tonnasini kartoshka, 42,9 ming tonnasini ko‘kat va ziravorlar tashkil etadi. Shuningdek, joriy yil oktyabr-dekabr oylarida jami 8,8 ming gektarga to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari joylashtirish prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlanganib, 10 noyabr holatiga ko‘ra, jami 3,5 ming gektarga to‘qsonbosti ekinlari ekildi.
“Bir mahalla – bir mahsulot tamoyili” asosida joriy yil oxirigacha 284 ta mahalla xonadonlari muayyan turdagi mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashtirilib, ikki va uch marta hosil olish yo‘lga qo‘yildi. Lekin hozirgi murakkab sharoit bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishni taqozo etmoqda. Shundan kelib chiqib, viloyatdagi salkam yarim million aholi xonadonlari ixtiyoridagi 57 ming gektar tomorqalardan samarali foydalanish vazifalari belgilandi. Bu borada tomorqadan ikki-uch marotaba hosil olayotgan Shahrisabz, Qamashi, Kitob, Kasbi, Mirishkor, Nishon va Yakkabog‘ tumanidagi namunali mahallalar tajribasi ommalashtiriladi. Vohaning har bir tumaniga Farg‘ona viloyatining tajribali dehqonlari jalb qilinib, amaliy seminarlar tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbarining Qashqadaryoga tashrifi, vohada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar viloyat aholisiga yanada rag‘bat, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Yangi loyihalarni hayotga tadbiq etilishiga ko‘maklashish biz deputatlar, partiyamiz faollari zimmasiga yanada mas’uliyatli vazifalar yuklaydi. Shunday ekan, istiqbolli vazifalar ijrosini ta’minlash, odamlarni rozi qilish, xalq bildirgan yuksak ishonchni oqlashda bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri o‘rinbosari,
O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari