Qashqadaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov Quvaytning yirik kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi.
Avvalroq viloyat hokimi Murotjon Azimov Quvayt davlatining “Gulf Care General Trade” va “Energy Solutions” kompaniyalari vakillarini qabul qilib, shu yerning o‘zida kompaniya raisi, doktor Al Saleh bilan ham “ZOOM” orqali muloqot qilgan edi.
Bugun Murotjon Azimov va doktor Al Saleh onlayn uchrashuv o‘tkazib, ular o‘rtasida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, diagnostika markazini tashkil qilish va hamkorlikda tibbiy mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha manfaatli shartnomalar imzoladi.


Ushbu hujjat kelgusida O‘zbekiston-Quvayt davlatlari o‘rtasida aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi va quvaytlik ko‘plab tadbirkorlarning viloyatga kirib kelishi uchun rag‘bat vazifasini bajarishi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, ayni kunlarda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i A.Boboyev va vohamizning bir guruh tadbirkorlari Quvayt davlatida bo‘lib, ko‘plab sohalarda hamkorlikni ko‘chaytirish masalalarida muloqotlar olib bormoqda.
***
Dehqonobodlik Zayniddin O‘ralov mahallasidagi hokim yordamchisi ko‘magi bilan olgan 33 million so‘m imtiyozli kredit evaziga 8 sotixli tomorqasida kovrak dorivor o‘simlikgini yetishtirib, o‘tgan mavsumda 150 million so‘m sof foyda ko‘rdi.



Tadbirkor dehqon 4 nafar yoshlarning bandligini ta’minlagan va bu mavsumda 300 million so‘m daromad qilishni reja qilgan.
***
Tomonlar o‘rtasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirish, mehnat migratsiyasi aloqalarini tashkil etish bo‘yicha Kasbi tumani hokimligi va Tatariston Respublikasining Qozon shahridan “Alabuga Start” loyihasi tashkilotchilari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.


Memorandum imzolanishidan asosiy maqsad qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va sanoatni rivojlantirish, mehnat migratsiyasi aloqalarini yanada kuchaytirish, shuningdek, tomonlar o‘rtasida doimiy ravishda hamkorlik aloqalarini olib borishdir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri